Maktab oʻquvchilari “Bilimlar bellashuvi” va fan olimpiadalarida ona tili va adabiyot, tarix, ingliz tili, biologiya, kimyo, matematika fanlaridan yuqori koʻrsatkichlarga erishdi. 2019-yilda 9-sinf oʻquvchisi Eʼzoza Alisherova “Sakura science program” dasturi asosida Yaponiya ilm-fan va texnologiyalari agentligi tashkil etgan anjumanda Abdulla Oripov sheʼrlarini ingliz va yapon tillarida oʻqidi. U beshta til, jumladan, yapon tilida ham gapirishni oʻrgandi.
Eʼzoza 2019-yilda taʼlim yoʻnalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Hozirgi kundaToshkent davlat yuridik institutining 1-bosqich talabasi.
Maktab oʻquvchilaridan Sevinch Omonova, Eʼzozbek Choʻliyev, Dilbek Bozorov, Bobomurod Saʼdullayev, Shahina Sobirova, Madina Omonova Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi oʻtkazgan “Yilning eng yosh isteʼdodli shoiri”, “Yosh kitobxon”, “Zakovat”, “Hayotni sev”, “Yil hikoyasi — 2020”, “Temur tuzuklari bilimdonlari” kabi koʻrik-tanlovlarda gʻolib boʻldi.
Maktab oʻquvchilarining ijod mahsuli “Mitti yulduz jilolari”, “Yana bahor keldi”, “Vatan baxti”, “Quvnoq bolalar” kabi toʻplamlarda chop etildi. — Abdulla Oripov ijodi nafaqat milliy, balki umum insoniy gʻoyalar bilan ham sugʻorilgan, — deydi maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Yoqutxon Jamolova. — Shu bois, shoir sheʼrlarini xorijiy tillarga oʻgirish, tarjimonlar.
tayyorlashga ham eʼtibor qaratyapmiz. Oʻquvchilarimiz Abdulla Oripovning “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?”, “Qushcha”, “Ona tilim”, “Mitti yulduz”, “Ona” sheʼrlarini ingliz va rus tillariga tarjima qildi. Shoir ijodidan qilingan tarjimalar ijtimoiy tarmoqlarda xorijlik olimlar tomonidan yuritilayotgan sahifalarda muntazam yoritib borilmoqda.
2019-yil Qarshi shahrida Abdulla Oripov xotirasiga bagʻishlangan “OLTIN SOʻZ” (“GOLDEN WORD”) xalqaro adabiyot festivali boʻlib oʻtdi. Unda dunyoning oʻnga yaqin davlatidan kelgan ijodkorlar qatnashdi. Ushbu xalqaro anjuman 2020-yilda pandemiya tufayli onlayn tarzda oʻtkazildi. Unda 35 davlatdan vakillar ishtirok etdi. Tadbirda maktabning 10-sinf oʻquvchisi Sevinch H amroyevaning sheʼriy toʻplami koʻpchilik eʼtiboriga tushdi.
— Ijod maktabi shaxsan menga juda koʻp narsalarni oʻrgatdi. Eng muhimi, koʻzlangan maqsadga faqat bilim orqali erishish mumkinligini angladim, — deydi Sevinch Hamroyeva. — Prezidentimizga Qashqadaryo viloya tiga tashrifi chogʻida oʻzimning sheʼrimni oʻqib berish baxtiga muyassar boʻldim. “Qalb chizgisi” sheʼriy toʻplamim Buyuk Britaniyada ingliz tilida chop etildi.
Bugungi kunda ilm-fan taraqqiyotini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Taʼlim dargohidagi oʻquv xonalari, laboratoriyalarning barchasi optik tolali yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulangan. Sinf xonalari eng soʻnggi rusumdagi kompyuter, interaktiv doska va videoproyektorlar bilan jihozlangan. Maktab oʻquvchilari oʻzbek tili va adabiyoti bilan birga ingliz tili, axborot texnologiyalari fanlarini ham chuqur oʻzlashtirishga harakat qilmoqda. Taʼlim dargohining 7-8 sinf oʻquvchilari Azizbek Omonov va Sarvar Saʼdullayev “Abdulla Oripovni birga oʻrganamiz” kompyuter dasturini ishlab chiqdi. U “Scratch” vizual dasturlash uslubida yaratilgan.
— Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bagʻishlab yaratilgan ushbu dastur orqali shoir hayoti va ijodi haqida keng maʼlumotga ega boʻlasiz, — deydi Sarvar Saʼdullayev. — Unda oʻrgangan maʼlumotlaringiz asosida test sinovidan oʻtishingiz ham mumkin. Agar bitta savolga toʻgʻri javob bersangiz, hisobingizga 20 ball qoʻshiladi. Notoʻgʻri javob qaytarsangiz, 10 ball olib tashlanadi. Balingiz 50 dan past chiqsa, siz yana-da koʻproq oʻqishingiz, oʻrganishingiz kerak, degan motivatsiya beriladi. Shu orqali shoir hayoti va ijodini chuqur oʻrganish mumkin.
Maktabning birinchi qavatida shoir xotirasiga ehtirom sifatida moʻjaz muzey tashkil etilgan. Undan 300 dan ortiq eksponat oʻrin olgan. Abdulla Oripov ulgʻaygan beshik, shoir bolaligi bilan bogʻliq sandal, sheʼriyat kechalari, kitobxonlik, oila davrasida, ijodkor onasi Turdi Karvon qizi, otasi Orif ota, bolalik yillari, tahsil olgan maktabi binosi, ustoz lar, xorijiy mamlakatlarga qilingan safarlar aks etgan suratlar, ijodkorning ilk “Mitti yulduz” kitobi, hayotining soʻnggi kunlarida qoralagan sheʼrlari, nashr etilgan kitoblari va esdalik sovgʻalar shular jumlasidan. Ular orasidan noyob bir eksponat — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ilk qoʻlyozma nusxasi ham oʻrin olgan.
Prezidentimizning “Oʻzbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, Davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov ijodiy merosiga boʻlgan yuksak eʼtibor namunasidir. Ayni paytda maktabda mazkur sanani munosib nishonlash uchun qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Ijod maktabi hududi hamda shoir haykali joylashgan maydonda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilyapti. Bundan tashqari, barcha ijod maktablari oʻrtasida “Mitti yulduz jilolari” sheʼriyat musobaqasi, “Nazm dorilfununining betakror shoiri” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasini oʻtkazish, ijod maktabi faoliyati hamda oʻquvchilar sheʼrlari jamlangan bayoz nashr etish kabi tadbirlar koʻzda tutilgan.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri