“Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamgʻarmasi” tashkil qilinishi kutilmoqda

    Mamlakatimizda 8 Aprel 2021 588

    Joriy yilda Oʻzbekiston Hukumati va Islom taraqqiyot banki hamkorligida boshlangʻich kapitali 100 mln. AQSH dollari boʻlgan “Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamgʻarmasi” (Economic Yemrowermept Fund) tashkil qilinishi kutilmoqda.

    Bu haqda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Islom taraqiyot banki delegatsiyasi vakillari oʻrtasida maqsadli va manzilli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan uchrashuvda aytib oʻtildi.

    Tadbir davomida bugungi kunda hududlarni rivojlantirishda mahallalardagi “drayver” nuqtalarni aniqlash va shu asosda ishlarni tashkil etish borasida olib borilayotgan islohotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

    Uchrashuvda, shuningdek, Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “Ayollar daftari” asosida xotin-qizlar muammolari bilan ishlashda banklar tomonidan taqdim etilayotgan loyihalar xususida soʻz yuritildi.

    Taʼkidlanganidek, tashkil etilishi kutilayotgan Fond tomonidan kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash uchun platforma yaratish, daromad manbalarini taʼminlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish hamda bu jarayonlarda mahallalar bilan yaqindan hamkorlik qilish koʻzda tutilmoqda. Bunda haqiqatdan koʻmakka muhtoj fuqarolarni aniqlashda mahalla xodimlarining oʻrni va ahamiyati katta.

    Tadbir soʻnggida kutilayotgan ikki taraflama muzokaralarni 2021-yilning iyun oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan hukumatlararo uchrashuvda davom ettirishga oʻzaro kelishib olindi.