Iqtisodiy islohotlarning uzoq muddatli strategiyasiga oid masalalar muhokama qilindi

    Hukumat 2 Mart 2021 5157

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-mart kuni oʻzining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Suma Chakrabartini qabul qildi.

    Uchrashuvda maslahatchi Chakrabartining Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarning uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan strategiyasini tayyorlash, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, mamlakatimizning xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarini kengaytirish borasidagi taklif va tavsiyalari koʻrib chiqildi.

    Davlatimiz rahbari “yoʻl xaritasi” va ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha boshqa muhim konseptual hujjatlarni birgalikda puxta tayyorlashni davom ettirish va keyinchalik ularni amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.

    Investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilash, davlat ulushi mavjud korxonalarni transformatsiya qilish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.