Davlatimiz rahbari kun tartibidagi masalalarga oʻtishdan avval 2025-yil yakunlariga qisqacha toʻxtaldi.
Oʻtgan yili iqtisodiyotimiz dastlabki prognozga nisbatan ancha yuqori, yaʼni 7,7 foizga oʻsib, yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oshgani taʼkidlandi.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida oʻsish surʼatlari 2024-yilgidan yuqori boʻldi. Jalb qilingan xorijiy investitsiyalar 43 milliard dollarga, eksport hajmi 33,8 milliard dollarga yetdi.
Yuqori iqtisodiy faollik, oʻsayotgan isteʼmol talabiga qaramasdan, inflyatsiya darajasi 2024-yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaydi.
“Nima uchun bu raqamlarni aytyapman? Chunki iqtisodiy oʻsish qanchalik barqaror boʻlsa, infratuzilmani yaxshilashga koʻproq mablagʻ boradi. Bu pirovardida bandlik, daromad va turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi”, – dedi Prezidentimiz.