Iqtisodiyot universiteti bitiruvchilariga xorij diplomi ham beriladi

    Bitiruvchilar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va London universiteti (University of London) diplomini qo'lga kiritadi.

    Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida London universiteti (University of London) hamkorligidagi xalqaro qo'shma ta'lim dasturini ochishga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi.

    Tadbirda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, “El-yurt umidi” jamg'armasi rahbar va mas'ul xodimlari, Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi va Britaniya kengashi vakillari, LSE rahbariyati kabi nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.

    Ma'lumki, Buyuk Britaniya ta'limi va innovatsiyasi butun dunyoda o'z yutuqlari bilan nom qozongan. London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (London School of Economics and Political Science) Times higher Education xalqaro reytingida 27-o'rinni, QS reytingida ijtimoiy fanlar va menejment bo'yicha dunyoda 2-o'rinni, bug'alteriya va moliya yo'nalishi bo'yicha esa 4-o'rinni egallab turibdi. Mazkur universitet bilan 2020 yilning 13 noyabrda hamkorlik aloqalari o'rnatilib, memorandum imzolangan edi. Mazkur xalqaro qo'shma ta'lim dasturi faoliyatini yo'lga qo'yish uchun TDIUda 4 bosqichdan iborat muhim jarayon muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

    Buyuk Britaniyaning 17 ta nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan iborat London universiteti (University of London) federatsiyasi kengashi mazkur qo'shma ta'lim dasturini ma'qulladi. London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (LSE) akademik rahbarligi asosida TDIU va London universiteti (University of London) hamkorligidagi xalqaro qo'shma ta'lim dasturiga qabul jarayoni 2021/2022 o'quv yilidan rejalashtirilgan.

    Dasturning o'ziga xosligi shundan iboratki, bitiruvchilar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va London universiteti (University of London) diplomini qo'lga kiritadi. O'qitish jarayoni to'liq ingliz tilida bo'lib, o'quv materiallari va yakuniy nazorat sinovlari London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (LSE) tomonidan tayyorlanadi, baholanadi. Bu esa, o'qish jarayonida shaffoflik va ta'lim sifatini ta'minlaydi.

    Mazkur qo'shma ta'lim dasturiga 2021/2022 o'quv yilidan boshlab quyidagi bakalavriat ta'lim yo'nalishlari bo'yicha qabul amalga oshiriladi:

    • Bug'alteriya hisobi va moliya (Accounting and finance);
    • Iqtisodiyot (Economics);
    • Bank ishi va moliya (Banking and finance).

    Ushbu qo'shma ta'lim dasturi bitiruvchilarga mamlakatimiz va xorijning nufuzli tashkilotlarida o'z faoliyatlarini olib borishlariga imkoniyat yaratib beradi. Loyiha orqali talabalar eng yaxshi bilim va ko'nikmalarga ega bo'lgan holda, yangi g'oyalar va tajribalar bilan yurtimiz kelajagiga munosib hissa qo'shishiga ishonamiz.