Majlisda parlament nazorati doirasida iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish hamda xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilyapti.
Xususan, 2021 – 2024-yillarda ustav fondida davlat ulushi mavjud 500 dan ziyod xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari va 3,4 mingga yaqin ko‘chmas mulk ob’ektlari xususiylashtirilgan, 1027 ta korxona tugatilgan va 964 tasi qayta tashkil etilgan.
Davlat aktivlarining xususiylashtirilishi natijasida qariyb 36 ming yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Tadbirkorlarga yana-da qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar samarasi o‘laroq 50 dan ortiq davlat xizmatlari xususiy sektorga berilgan.
2024-yil noyabr oyida ilk bor «Xalqchil IPO» dasturi doirasida Respublika tovar-xomashyo birjasining 3 milliondan ortiq aksiyasi aholiga sotilib, 11 mingga yaqin kishi aksiyadorlarga aylangan.
Bank tizimini isloh qilish strategiyasi doirasida 3 ta bankning xususiylashtirilgani va 8 ta yangi xususiy bank tashkil etilgani hisobiga davlat banklarining umumiy aktivlardagi ulushi 85 foizdan 65 foizga qisqargan.
Muhokama jarayonida senatorlar xususiylashtirish bo‘yicha hududlar va tarmoqlarda foydalanilmayotgan imkoniyatlar, bo‘sh turgan joylarni iqtisodiy aktivga aylantirish, auksionga qo‘yilgan tayyor binolarni sotishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham e'tibor qaratdi.
Jumladan, vazirlik, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tasarrufidagi ayrim bo‘sh turgan bino va inshootlar ommaviy savdolarga chiqarilmagan. 10 dan ziyod davlat aktivlari qariyb bir yildan buyon auksionda sotilmasa-da, ularning boshlang‘ich narxini pasaytirish mexanizmidan foydalanilmagan.
Hududning ixtisoslashuvi, kommunikatsiya o‘tkazish imkoniyati o‘rganilmasdan tadbirkorlik faoliyati uchun auksionga chiqarilgan 1,9 ming gektarga yaqin yer maydonlari qariyb 1 yildan buyon sotilmasdan qolyapti.
Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan ishsiz aholining bandligini ta’minlagan tadbirkorlik sub’ektlariga davlat mulkidagi bino va inshootlari ijaraga berish bo‘yicha joriy etilgan imtiyozlardan deyarli foydalanilmagan.
2024-yilda ayrim viloyatlarda davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishdan tushgan mablag‘lar to‘liq viloyat byudjetiga o‘tkazilib, ob’ekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga ajratmalar amalga oshirilmagan.
Senatorlar tomonidan xususiylashtiriladigan va ijaraga beriladigan davlat mulki, uni sotib olish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar haqida aholi hamda tadbirkorlarni keng xabardor qilish, targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish masalalariga yetarli darajada e’tibor qaratilmayotgani tanqid qilindi. Bu borada hokim yordamchilarining mas’uliyatini oshirish ham muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalar bajarilishini monitoring qilish, munitsipal mulkni xususiylashtirish holati to‘g‘risida mas’ul idoralarning hisobotlarini sessiyalarda eshitish va tegishli choralar belgilash yuzasidan tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.









