Shu bois, yurtimizda ham xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish va ish oʻrinlari tashkil etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshrilmoqda.

Soʻnggi yillarda investitsiyalar hajmini yalpi ichki mahsulotning 30 foizidan oshirishga erishildi. Keng koʻlamli va samarali islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 11-iyul kuni investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishida ham tarmoq va hududlardagi investitsiya koʻrsatkichlari, loyihalar ijrosi va yil yakunigacha boʻlgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Eʼtiborlisi, yigʻilishda davlatimiz rahbari yilning oʻtgan olti oyida respublikamizda investitsiyalar faol oʻzlashtirilgan sanoqli shahar va tumanlar qatorida Forish tumanini ham  tilga oldi. Bu bejiz emas, albatta.

Keyingi yillarda butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Forishda ham sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish, tadbirkorlik yoʻnalishlarida koʻplab yangi loyihalar amalga oshirildi.  Jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi oshdi. Tumanning iqtisodiy koʻrsatkichlari yuksalmoqda. 

Agar Forishning yaqin tarixiga nazar tashlasak, u viloyatning eng qoloq tumanlaridan biri edi. Aholisi asosan chorvachilik bilan shugʻullanar, ishlab chiqarish, sanoat deyarli yoʻq edi. Investitsiya jalb qilish haqida-ku, gapirmasa ham boʻlardi.

Ammo yangi islohotlar sabab, bugun Forish mamlakatimizning chin maʼnoda rivojlanayotgan tumanlaridan biriga aylandi. Jumladan, joriy yil yanvar–iyun oylarida tumanda jami 110,1 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kafolatlanmagan xorijiy kredit oʻzlashtirildi. Bu koʻrsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 140 foizni tashkil etdi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan davlatlar soni 2021–2022-yillarga nisbatan sezilarli ravishda oshdi.

–  “Basalt wool” MCHJning bazaltdan mineral plita ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi doirasida 44,8 million dollar, “Jizzax sement” MCHJ XKning sement ishlab chiqarish loyihasida 20 million dollar, “Rockfiber” MCHJning uzluksiz bazalt tola ishlab chiqarish loyihasini tashkil etish doirasida 36,3 million dollar xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb etildi, – deydi Forish tuman hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Temur Saʼdullayev.  – Joriy yil yakuni bilan jami 248,3 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va kafolatlanmagan xorijiy kreditlar oʻzlashtirilishi taʼminlanadi va 2022-yilga nisbatan oʻsish surʼati 121 foizga yetkaziladi.

 Tumanda 2023-yilda jami qiymati 3,7 trillion soʻmlik 42 ta loyihada 974 ta ish oʻrni, shundan investitsiya dasturlari doirasida 3,6 trillion soʻmlik 21 ta loyihada 853 ta ish oʻrni yaratilishi belgilangan.

Joriy yilning yanvar–iyun oylarida umumiy qiymati 1,6 trillion soʻmlik 6 ta loyiha ishga tushirilib, 288 ta ish oʻrni yaratilgan.  Jumladan, “Rockfiber” MCHJ QK tomonidan ishga tushirilgan loyiha sabab 205 ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, “Goldfiber pro” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 981 milliard soʻmlik bazalt tolasini ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, 51 kishining doimiy bandligi taʼminlandi.

– Tumanda 2023-yil uchun 13 million 248,3 ming dollar miqdorida eksport prognozi belgilangan. Uning 11 million 889 ming dollari sanoat mahsulotlari va 1 million 359,3 ming dollari qishloq hoʻjaligi mahsulotlari hissasiga toʻgʻri keladi. Bu 2022-yil amalga oshirilgan eksportga nisbatan 1,5 barobar koʻp degani, –davom etadi hokim oʻrinbosari. – 2023-yilning 1 yarim yilligi uchun 3 million 338,2 ming dollar (shundan, sanoat mahsulotlari 2 million 271,1 ming dollar va qishloq hoʻjaligi mahsulotlari 1 million 67,1 ming dollar) miqdorida mahsulot va xizmatlar eksporti prognozi belgilangan boʻlsa-da, amalda 3 million 478,5 ming dollar miqdorida eksport amalga oshirildi va prognoz ijrosi 104,2 foizga bajarildi.

Sanoat mahsulotlari eksporti 3 million 235,8 ming dollar yoki 143 foizga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 242,7 ming dollar (23 foiz)ga uddalandi. Yil yakuni bilan 13,2 million dollar eksport koʻrsatkichi ijrosi taʼminlanadi.

Darhaqiqat, Forish tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. Davlatimiz rahbari bundan besh yil oldin tumanga tashrifi chogʻida “Forish imkoniyatlari boʻyicha eng boy tumanlardan biri. Lekin hozir boshqa hududlardan biroz orqada. Bu yerning qishloq xoʻjaligi, geologiya, qayta ishlash sohalaridagi imkoniyatlarini toʻgʻri ishga solsa, aholi farovonligi, mahalliy byudjetni oshirish mumkin”, deb taʼkidlagan edi. Forishliklar davlatimiz rahbarining mazkur iqtibosidan ilhomlanib, belni mahkam bogʻlab, bugun turli sohalarda qoʻlga kiratayotgan ulkan yutuqlari bilan ushbu soʻzlarning toʻgʻriligini, tuman keng imkoniyatlar maydoni ekanini isbotlamoqda. Islohotlar natijasida Forish tumani besh yil oldingi dotatsiya oluvchi tumandan bugun oʻzini oʻzi taʼminlovchi, qolaversa, tuman byudjetini ortigʻi bilan bajarib, qolgan mablagʻlar hisobiga koʻplab loyihalarni moliyalashtirishga qurbi yetadigan iqtisodi baquvvat tumanga aylandi.

Tumanning birgina investitsiyalar jalb qilish borasidagi yutuq va imkoniyatlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, tuman yaqin orada respublikamizning eng rivojlangan hududlaridan biriga aylanadi.

Farhod NEʼMATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri