Iroqda Oʻzbekistonning yangi elchisi faoliyat boshladi

    Oʻzbekistonning Iroqda yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor elchisi (qarorgohi Al-Kuvayt shahrida joylashgan) Ayubxon Yunusov ushbu mamlakat Prezidenti Abdullatif Rashidga ishonch yorliqlarini topshirdi.

    Tantanali marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan muloqot avvalida Iroq Prezidenti Adullatif Rashid Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan xalqaro tadbirlar doirasida boʻlib oʻtgan suhbatlarini iliq taassurotlar bilan yodga oldi.

    Suhbat yakunida Prezident Adullatif Rashid Oʻzbekistonning Iroqdagi elchisi tayinlanganligi munosabati bilan tabriklab, uning masʼuliyatli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

    Eslatib oʻtamiz, Ayubxon Yunusov 2024-yil 6-fevral kuni Oʻzbekistonning Kuvaytdagi elchisi sifatida Al-Kuvayt shahriga tashrif buyurgan edi.

    Kuvaytga tayinlanishidan oldin u TIVning Konsullik-huquqiy departamenti boshqarma boshligʻi lavozimida ishlab kelayotgan edi. 50 yoshli diplomat Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, “Al-Azhar” universiteti (Misr), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Xalqaro huquq, islomshunoslik, arab filologiyasi singari mutaxassisliklarga ega. Yuridik fanlar nomzodi.

    2003-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida turli lavozimlarda, jumladan, markaziy apparatda, Saudiya Arabistonidagi elchixonada, Jidda shahri va Dubay Emiratidagi (BAA) Bosh konsulliklarda ishlagan.