Mamlakatimizda aholi bandligi masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan qator ishlar bajarildi. Jumladan, oʻtgan yilning yanvar-dekabr oylari uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasiga asosan tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan 298,3 ming nafar ishsiz, band boʻlmagan fuqaroga haq toʻlanadigan jamoat ishlarida ishtirok etgani uchun 234 milliard coʻm toʻlab berildi.

Ushbu haq toʻlanadigan jamoat ishlariga aholi punktlari, mahallalar va boshqa hududlarda bajarilgan obodonlashtirish ishlari, uy-joy, kommunal va boshqa infratuzilma obyektlari, koʻchalar, yoʻllar va piyodalar yurish yoʻlaklari, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tozalash, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlari kiradi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yigʻish, saralash, saqlash va qayta ishlash nogironlar, keksalar, bemorlar hamda yakka-yolgʻiz, oʻzgalar parvarishga muhtojlarga xizmat koʻrsatish, sanoat tarmoqlari va xizmat koʻrsatish, obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari doirasidagi ishlar, urush va mehnat faxriylariga patronaj xizmati koʻrsatish shular jumlasidan.

Bundan tashqari, Jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirishga koʻmaklashish, “mahallabay” ishlash tizimi orqali mahalliy boshqaruv organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ham muayyan ishlar qilindi. Jumladan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan ishsiz aholining doimiy bandligini taʼminlash uchun jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 6,1 milliard soʻmlik 1134 dona asosiy vosita va inventarlar xarid qilinib, tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berildi. Natijada 1808 nafar ishsiz xotin-qiz va yoshlarning doimiy bandligi taʼminlandi. Eng asosiysi, 843 ta oilaning kambagʻallikdan chiqarilishiga erishildi.

Yaqinda yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik mehmon bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan mana shu ishlar haqida suhbatlashib qoldik. Mehmon soʻzlarimizni taajjub bilan tinglagach, Nobel mukofoti sohibi Muhammad Yunus haqida soʻzlab berdi. Mukofot Bangladeshda qashshoqlikni bartaraf etish loyihasini boshlagan Muhammad Yunus va u tashkil etgan Grameen bankiga berilgan. Muhammad Yunus Bangladeshda aholining kam taʼminlangan qatlami uchun mikrokreditlar bera boshlagan dastlabki banklardan birining asoschisi. 1974-yilda tashkil etilgan Grameen banki qishloq aholisi, asosan, ayollarga oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi uchun mikrokreditlar ajrata boshlagan. Ushbu loyihaga “Aholining keng qatlami qashshoqlikdan qutulish imkonini topolmas ekan, davomli tinchlikka erishib boʻlmaydi. Quyi tomondan rivojlanish ham demokratiya va inson huquqlarini ilgari surishga xizmat qiladi”, deya baho berilgan.

Ushbu suhbatdan xulosa shu boʻldiki, kambagʻallikni qisqartirishning eng samarali usuli — kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash. Oʻzini oʻzi band qilgan tadbirkor faqat oʻzini emas, boshqalarni ham daromadli qiladi.

Oʻtgan yilgi samarali ishlarimizdan yana biri hududlardagi ishsiz aholiga xizmat koʻrsatuvchi monomarkazlarni qoʻllab-quvvatlash loyihasi boʻldi. Masalan, Guliston shahridagi monomarkazda joylashgan “Mbj textil products” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan umumiy qiymati 207,1 million soʻmlik 31 dona tikuv mashinasi ijaraga berildi. Buning natijasida ikki smenali ish tashkil etilib, 60 ta ish oʻrni yaratildi. Monomarkaz tinglovchilariga bir vaqtning oʻzida ham nazariy, ham amaliy mashgʻulotlar oʻtilmoqda. Shuningdek, ularni tadbirkorlikka oʻrgatish ishlari ham yoʻlga qoʻyildi.

Muxtasar aytganda, oʻtgan qisqa vaqtda aholi bandligini taʼminlashning moʻjaz formulasi yaratildi. Boshlangan yangi yilda ham mana shu formula asosida aholining ishsiz qatlamini haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish, bandlik masalasini samarali hal etish doimiy diqqatimiz markazida boʻladi.