Bugun atmosfera fronti oʻtishida markaziy va sharqiy hududlar boʻyicha yomgʻir yogʻadi, Toshkent viloyatida va Fargʻona vodiysi viloyatlarida baʼzi joylarda kuchli boʻladi, ayrim joylarda doʻl yogʻishi mumkin.
Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi, baʼzida esa 22-25 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduzgi havo harorati 15-20 darajani tashkil etadi.
Seshanba kunidan boshlab Oʻzbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan juda iliq va quruq havo massasi kirib keladi. Respublika boʻyicha asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 14-aprelda baʼzi joylarda yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Kunduzgi havo harorati koʻtariladi va ish haftasining oxiriga kelib, 29-32 darajani tashkil etadi, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 35-37 darajagacha boʻladi.
Respublika boʻyicha baʼzi joylarda 11-14-aprel kunlari shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida 10-11-aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi. Baland togʻlarda (2000 metrdan yuqorida) yomgʻir qorga aylanishi mumkin.
10-11-aprelda togʻ oldi va togʻli hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
10-11-aprelda Toshkent viloyatining togʻli hududlarida 2000 metrdan yuqorida qor koʻchishi xavfi bor.
Bugun poytaxtimizda: vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi, doʻl yogʻishi mumkin. Shamol gʻarbdan 5-10 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 12-17 m/s gacha kuchayishi mumkin. 11-14-aprelda yogʻingarchilik kutilmaydi.
Chorshanba kunidan boshlab havo jadal isiy boshlaydi. Dushanba va seshanba kunlari kunduzgi havo harorati 16-19 daraja, juma kuniga kelib, 30-32 daraja atrofida boʻladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi.