Ish haftasining oxiriga kelib havo harorati 25-28 darajaga koʻtariladi

    Oʻzbekiston boʻyicha shu yilning 15-19-aprel kunlariga kutiladigan ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi.

    Bugun kunduzi Oʻzbekiston hududi boʻyicha yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Markaziy viloyatlarda va respublika janubida ayrim joylarda yomgʻirlar kuchli boʻladi. Fargʻona vodiysi viloyatlarida yomgʻir kechga tomon boshlanadi. Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Havo harorati 15-20 daraja atrofida boʻladi.

    16-aprel kuni Fargʻona vodiysida, kechasi va ertalab esa Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yomgʻir yogʻishi kutilmoqda. Respublikaning qolgan hududlarida yogʻingarchilik kutilmaydi.

    17-19-aprel kunlari Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha asosan kam bulutli ob-havo boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi.

    Havo harorati asta-sekin koʻtariladi va ish haftasining oxiriga kelib 25-28 darajaga, shimolda va janubda 29-31darajaga yetadi.

    Togʻ oldi va togʻli hududlarda 15-16-aprel kunlari yomgʻir yogʻadi, 15-aprelda baʼzi joylarda kuchli boʻladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

    Togʻlarda qor koʻchishi xavfi saqlanib turadi. Respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

    Poytaxtimizda: 15-aprelda kunduzi vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    16-aprelda kechasi va ertalab biroz yomgʻir yogʻadi. Harorat asosan kunduz kunlari 15-20 daraja boʻladi.

    17-19-aprel kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. Kunduz kunlari harorat 23-27 daraja gacha asta-sekin koʻtariladi. Harorat asosan kechalari 7-12 daraja boʻladi.