Ish haqi miqdorini oshirish to‘g‘risida

    Hujjatlar 20 May 2022 7609

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

    Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish hamda fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish maqsadida:

    1. 2022 yil 1 iyundan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 12 foizga oshirilsin.

    2. 2022 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:

    mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 920 000 so‘m;

    bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 300 000 so‘m etib belgilansin.

    3. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplansin.

    Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.

    4. Moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari
    va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

    5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 avgustdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi PF–6279-son Farmonining 2-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan
    deb hisoblansin.

    6. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    7. Mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.

    Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J. A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh. Mirziyoyev

    Toshkent shahri