Senatning elliginchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish toʻgʻrisidagi 95-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1949-yil 1-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun koʻrib chiqildi.
Konvensiya ish beruvchilar tomonidan pul shaklida ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlashga qaratilgan. Konvensiya qoidalari ish haqi toʻlanadigan yoki toʻlanishi lozim boʻlgan barcha shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi. Konvensiya iqtisodiy faoliyatning barcha sohalari va ishchilar toifalariga tatbiq etiladi.
Muhokama davomida Konvensiyada ish haqini qarz majburiyatlari, tilxat, kupon yoki boshqa shaklda, shuningdek, tarkibida alkogol miqdori yuqori boʻlgan spirtli ichimliklar, organizm uchun zararli giyohvand moddalar koʻrinishida toʻlash taqiqlangani taʼkidlandi.
Senatorlar Konvensiya normalari Oʻzbekiston qonunchiligiga, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalariga toʻliq mos kelishini qayd etdilar.
Muhokama chogʻida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar yaratishga imkon berishi, mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga salmoqli turtki berishi aytib oʻtildi.
Ushbu Konvensiya jahonning 99 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Senatorlar Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro mehnat standartlarini samarali joriy etishni taʼminlashga xizmat qilishini, shuningdek, Oʻzbekistonning xodimlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash boʻyicha asosiy xalqaro prinsip va standartlarga sodiqligini koʻrsatishini alohida taʼkidladilar.
Muhokama yakunlari boʻyicha Qonun senatorlar tomonidan maʼqullan.