Reglamentga muvofiq, jismoniy shaxslar yoki ularning yaqin qarindoshlari maʼlum tashkilotda ishlagan davridagi ish haqiga oid va ishlaganligi toʻgʻrisidagi ish stajiga oid maʼlumotnoma olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga (DXM) borib ariza topshiradi yoki xizmatdan elektron shaklda foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) roʻyxatdan oʻtadi.
Ariza beruvchi soʻrovnomani oʻz elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.
Soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash imkoniyati boʻlmaganda, tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
Davlat arxivi soʻrovnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab ish stajini tasdiqlashga oid maʼlumotnoma uchun 5 ish kunidan, ish haqini tasdiqlashga oid maʼlumotnoma uchun 20 ish kunidan oshmagan muddatda tegishli QR-kodli maʼlumotnoma shakllantiradi hamda DXMga yoki YAIDXPga yuboradi.
Davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
DXMlar va davlat arxivlari oʻz faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan maʼlumotlarni sir saqlanishini taʼminlaydi.









