Ish haqini ololmayotganlar adliyadan yordam soʻradi. Muammo ijobiy yechim topdi

    Ijtimoiy hayot 12 Avgust 2020 3263

    Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan fuqarolarning murojaatlarini oʻz vaqtida va sifatli oʻrganib chiqish hamda aniqlangan huquq buzilishi yuzasidan zudlik bilan choralar koʻrilishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

    Misol uchun, Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro T.Karajanov va boshqalarining Sayxunobod tumanlararo “Agrokimyo-himoya” mineral oʻgʻitlar bazasidan ish haqlarini undirib berishni soʻrab qilgan murojaati oʻrganib chiqildi.

    Oʻrganishda, Sayxunobod tumanlararo «Agrokimyohimoya» mineral oʻgʻitlar bazasi bilan fuqaro Turgʻunboy Karajanovning oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasida oʻz vaqtida ish haqini toʻlab berilishi koʻrsatilgan boʻlsada, korxona tomonidan jami 12 632 061 soʻm ish haqlari toʻlab berilmaganligi, oqibatda Sayxunobod tumanlararo «Agrokimyohimoya» mineral oʻgʻitlar bazasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 19-martdagi “Ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishiga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 88-sonli qarori talablari bajarilmaganligi aniqlandi.

    Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasiga koʻra ish beruvchi moliyaviy ahvolidan qatʼiy nazar xodimga bajargan ish uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 161-moddasida koʻrsatilgan muddatlarda toʻlashi shartligi belgilangan.

    Shu bois, fuqaro T.Karajanov va boshqalarning qonuniy manfaatlarini koʻzlab, Sirdaryo tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi va sudning qaroriga asosan ushbu fuqarolar foydasiga Sayxunobod tumanlararo «Agrokimyohimoya» mineral oʻgʻitlar bazasi hisobidan jami 12 632 061 soʻm ish haqini undirish haqida sud buyrugʻi chiqarildi. Bu bilan fuqarolarning murojaatlari qanoatlantirildi.

    Shuningdek, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida ushbu sohada fuqarolarning qonuniy manfaatlarini koʻzlab, 125 ta taqdimnoma, sudlarga 1 mlrd 3 mln soʻmlik 115 ta daʼvo arizalar, 22 ta maʼmuriy takliflar (maʼmuriy bayonnomalar) hamda 624 ta ogohnomalar kiritildi.

    Kiritilgan taʼsir choralari natijasida jismoniy va yuridik shaxslar foydasiga 1 mlrd 653 mln soʻm mablagʻ undirildi, 60 nafar shaxs intizomiy va 14 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

    Xulosa qilib aytganda, adliya organlari Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan inson huquq va erkinliklarini yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda olgʻa ilgarilab borayotganligini koʻrishimiz mumkin.

    S.Togʻayev,

    Sirdaryo viloyati adliya

    boshqarmasi boshligʻi

    oʻrinbosari