Ish vaqtida telefonda gaplashib boʻlmaydimi?

    Bilasizmi? 3 Fevral 2023 3717

    Ishxonada bir necha bor telefonda gaplashganimni koʻrib, kadrlar boʻlimi boshligʻi menga tanbeh berdi. Nima, ish paytida telefonda gaplashish mumkin emasmi?

    Xodimning mehnat vazifalari ichki tartib-qoidalarida, intizom toʻgʻrisidagi ustav va nizomlarda, korxonada qabul qilinadigan lokal hujjatlarda (jamoa shartnomalarida, yoʻriqnomalar va hokazolarda), mehnat shartnomasida aniq belgilab qoʻyiladi. Har bir xodim oʻziga yuklatiladigan mehnat vazifalari doirasi bilan oldindan tanishtirilishi lozim.

    Demak, agar tashkilot ichki lokal hujjatlarida xodimlarga uyali aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlangan boʻlsa yoki telefon ishlatish yuzasidan alohida talablar belgilangan boʻlsa, xodimlar, albatta, bu talablarga rioya etishlari kerak boʻladi.

    Bu talablarga rioya qilmagan xodimlarga:

    1) hayfsan;

    2) oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima. (Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima solish hollari ham nazarda tutilishi mumkin);

    3) mehnat shartnomasini bekor qilish (Mehnat kodeksi, 100-modda ikkinchi qismining 3 va 4-bandlari) kabi intizomiy jazolardan biri qoʻllanilishi mumkin.

    Uyali telefon ishlatish boʻyicha talablar ichki qoidalarda belgilanmagan taqdirda ham, xodim oʻz mehnat vazifalariga kirmaydigan va unga xalaqit beradigan ishlarni bajarganligi hamda ish vaqtini behuda sarflaganligi uchun yuqoridagi javobgarlik choralari qoʻllanilishi mumkin.

    Savolga huquqshunos Maqsud Mustafoyev javob berdi.