Taʼkidlanganidek, ushbu qonun loyihasi bilan ish vaqtidan tashqari ishning bir kunda birinchi ikki soati uchun kamida 1,5 hissa miqdorida, ikki soatdan ortiq qismi uchun kamida 2 hissa miqdorida (mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarda – har bir soati uchun kamida ikki hissa miqdorda) haq toʻlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida toʻrt soatdan (mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarda – bir kunda ikki soatdan) oshmasligi kerakligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, xodimlarning qoʻshimcha daromad olish imkoniyatini taʼminlash hamda ularni norasmiy ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etish holatlarini kamaytirish maqsadida qonun loyihasida ish vaqtidan tashqari ishlarning davomiyligini yiliga 120 soat bilan cheklovchi normani bekor qilish taklif etilmoqda.
Ish vaqtidan tashqari ishning daromadlari tahlil qilinganda, 5 kunlik ishlaydigan xodimning daromadlari yillik limit belgilanganiga nisbatan 2,8 barobar, 6 kun ishlaydiganlarning daromadi esa 3,8 barobarga oshishi mumkinligi aniqlandi.
Muhokamalar davomida ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari taʼminlanishiga, tashkilotlarda ish unumdorligini oshirish va xodimlarning daromadlari koʻpayishiga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.