Ishbilarmonlik elektron raqamli imzo (ERI) kalitini olishdan boshlanadi

    Ijtimoiy hayot 16 Fevral 2022 1747

    Fuqarolarning uzog‘ini yaqin qilish, qulaylik yaratish va huquqiy savodxonligini oshirish davlat xizmatlari markazlari sayyor xizmatlar tizimining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.

    Ayniqsa, Davlat xizmatlari agentligi hududiy boshqarmalari tomonidan tashkil etilayotgan sayyor qabullar orqali fuqarolarning davlat xizmatlariga bo‘lgan malalalari o‘rganilib, ijobiy yechim topib kelyapti.

    Ikki tomoni qo‘shni Qirg‘iziston hududlariga tutashib ketgan Quvasoy shahrini ko‘pmillatli sanoat shahri deyish mumkin. Davlat xizmatlari agentligi hududiy boshqarmasining «Ziynat» MFY da tashkil etgan sayyor qabulida ana shu ko‘pmillatli aholi vakillari ishtirok etdi. Tadbirda dastavval murojaatchilarga umumiy tarzda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida umumiy tushunchalar berildi. Subsidiya masalalari doirasida xujjatlar tayyorlashdagi ayrim masalalarga e'tibor qaratildi. Shundan so‘ng, yakka tartibda murojaatchilarning masalalari tinglandi.

    Aytish joizki, sayyor qabul bilan parallel ravishda aholiga sayyor davlat xizmatlari ham ko‘rsatildi.

    Quvasoylik Sarvar Karimov bog‘dorchilikni kasb etgan. Meva sabzavotlarni yetishitirish bilan shug‘ullanadi. Yaqinda maxsulotlarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi xususiy firmasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Endilikda unga moliyaviy ishlarni boshqarish uchun elektron raqamli imzo kalitlari zarur. Sayyor xizmatlar davomida Sarvarning ishlari oson ko‘chdi.

    — Zamon bilan hamnafas yurmasak bo‘lmaydi, — deydi Sarvar Karimov. — Meva sabzavot yetishtirib sotishdan ko‘ra uni qayta ishlab eksport qilsam katta daromad keltiradi. Kelajakda maxsulot yetishtirishdan tortib uni qayta ishlash darajasigacha bo‘lgan texnologiyalarni sotib olmoqchiman. Bugungi sayyor xizmat va sayyor qabul davomida huquqiy maslahatlar oldim, shu maqsadlarimni elektron kalit olishdan boshladim.

    Dilfuza Rustamova asli quvasoylik tadbirkor. Turmush masalalari sabab 14 yil avval bu faoliyat turini to‘xtatib qo‘ygan edi. Shuncha vaqt davomida tadbirkorlik qilish uchun tartib-taomillar o‘zgardi. Qonunchilikka ko‘plab o‘zgartirishlar kiritildi. Qabul davomida o‘quv markazi uchun hujjatlarni tayyorlash, litsenziya olish, yangidan bino qurish masalasi bilan murojaat qildi. Uning masalalari mahalliy vakillik organlari va davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan birga ijobiy hal etildi. Tadbirkorga ijara asosida qayta ilk faoliyatini boshlash uchun shahar markazida bo‘sh turgan 3 ta ob'ekt taklif etildi. Litsenziya olish masalasida Quvasoy shahar DXM yordam beridigan bo‘ldi.

    Sayyor qabul davomida aholining 9 ta sohaga oid murojaatlari tinglandi. Kadastr xujjatlari, subsidiya berish, bank krediti, ilk tadbirkorlik faoliyatini boshlash, davlat xizmatlari ko‘rsatishda nogironligi bor fuqarolarga imkoniyatlar kabi 30 dan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqildi. Masalalarning ma’lum qismi shu kunning o‘zida ijobiy yechimini topdi. Ayrim masalalar yuzasidan mas’ullar hamda ijro muddatlari belgilandi.

    DXA Farg‘ona viloyat boshqarmasi Axborot xizmati.