Ishbilarmonlik faolligi indeksidagi marra yangilandi

    Joriy yilning fevral oyida yuridik shaxslar tomonidan 225 ta tovar belgisi va nomi ro'yxatga olingan.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2021 yil fevral` oyida 1034 birlikni tashkil etib, o'tgan yilning shu davriga nisbatan 3,4 foiz oshdi.

    Ishbilarmonlik faolligi indeksida o'tgan oyga nisbatan ham, o'tgan yilning mos davriga nisbatan ham ijobiy o'sish kuzatildi.

    Ishbilarmonlik faolligi indeksi o'tgan oyga nisbatan 9,9 foiz oshib, 1099 birlikni tashkil etishi quyidagi komponentlar darajasidagi o'zgarishlarga bog'liq bo'lgan:

    — xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning bank hisobvaraqlaridagi operatsiyalar soni 19,6 foiz oshgan;

    — faoliyat ko'rsatayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar bo'yicha komponent 1,3 foiz oshgan;

    — tovar-xomashyo birjasida xomashyo sotib olish jadalligi 6,8 foiz oshgan;

    — tovar belgilari bo'yicha komponent 0,5 foiz oshgan.

    2021 yil fevral` oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksida 11 ta hududda o'tgan oyga nisbatan o'sish kuzatilgan. Farg'ona (51,3 foiz), Buxoro (44,1 foiz), Samarqand (35,2 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasida (34,5 foiz) sezilarli darajada o'sgan.

    Bank hisobvaraqlari bo'yicha operatsiyalar

    Banklararo to'lov operatsiyalari soni 4362,9 ming tani tashkil etdi va o'tgan oyga nisbatan 715,4 ming tranzaktsiyaga (19,6 foiz) oshgan.

    Respublikaning barcha hududida yuridik shaxslar o'rtasidagi bank operatsiyalari soni o'tgan oyga nisbatan oshgan. Xususan, sezilarli darajadagi o'sish Xorazm (26,9 foiz), Qashqadaryo (26,5 foiz), Sirdaryo (24 foiz), Jizzax (23,6 foiz) va Navoiy (23,5 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

    Tovar-xomashyo birjasidagi faollik

    Ishbilarmonlik faolligi indeksining birja komponenti o'tgan oyga nisbatan 1,0677 birlikni tashkil etdi va 6,8 foiz oshgan. Ushbu komponentning oshishi bitimlar sonining 20,8 foiz oshgani bilan izohlanadi.

    Respublika tovar-xomashyo birjasida tovarlar savdosi umumiy aylanmasi hajmi 2021 yil fevral` oyida 4861,7 milliard so'mni tashkil etib, ushbu ko'rsatkich o'tgan oyga nisbatan 18,5 foiz oshgan.

    Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar faolligi

    Faoliyat yuritayotgan xo'jalik sub'ektlari bo'yicha komponent 1,0125 birlikni tashkil etib, o'tgan oyga nisbatan 1,25 foiz oshganini ko'rsatadi.

    2021 yil fevral` oyida faoliyat yuritayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar soni o'tgan oyga nisbatan 7 ming 338 taga ko'payib, 531 ming 474 tani (2021 yilning fevral` oyida 524 ming 136 ta) tashkil etdi.

    Hisobot davrida o'tgan oyga nisbatan kichik korxonalar soni 417 ming 244 tadan 423 ming 511 tagacha oshgan (o'sish 6 ming 267 ta). Fermer xo'jaliklari soni 103 ming 900 tadan 104 ming 945 tagacha (o'sish 1 ming 45 ta) ko'paygan. Yirik tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan sub'ektlar soni 3 ming 18 tani tashkil etib, 2021 yilning yanvar` oyiga nisbatan 26 taga oshgan.

    Brendlarni ro'yxatga olish

    Savdo belgilari muhofazasi bo'yicha biznes faolligi indeksi 1,0045 birlikni tashkil etib, ushbu ko'rsatkich 2021 yilning yanvar` oyiga nisbatan 0,5 foiz oshgan. Joriy yilning fevral` oyida yuridik shaxslar tomonidan 225 ta tovar belgisi va nomi ro'yxatga olingan.