Jumladan, ular viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasida boʻlib, tizimdagi holat bilan tanishdi. Ishchi guruh tibbiyot muassasalarining faoliyatini tahlil qilib, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, dori-darmon taʼminoti hamda shifokorlar va tibbiyot xodimlarining ish sharoitlari boʻyicha nazorat olib bordi.
Ishchi guruh aʼzolari mavjud muammolar boʻyicha tavsiyalar berib, tibbiy xizmatni yaxshilash, aholining dori-darmon bilan taʼminlanishini optimallashtirish hamda ish sharoitlarini yanada yaxshilash yuzasidan takliflarini ilgari surdi.
Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari viloyatdagi Bandlikka koʻmaklashish markazida oʻrganish ishlarini olib bordi. Mutaxassislar markazning mehnat bozoridagi faoliyati, aholining bandligi va ishsizlik darajasi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi.
Ishchi guruh markaz tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar, ayniqsa, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlikka jalb etish jarayonlarini koʻrib chiqdi.
Aytish kerakki, har bir yoʻnalishdagi oʻrganish natijalari asosida tegishli taklif va xulosalar shakllantiriladi. OʻzXDP ishchi guruhi aholining bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish va ishsizlik darajasini kamaytirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda sohada mavjud muammolarni bartaraf etishga koʻmaklashishni oʻz oldiga maqsad qilib olgan.