“Ishchi viza”ni rasmiylashtirish uchun kompensatsiya beriladi

    Yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, 2024-yil 1-iyundan:

    “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

    • xorijiy tillar yoki kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda;
    • xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda;
    • yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi.

    Sugʻurta tashkilotlariga – “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oila sifatida eʼtirof etilgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sogʻligʻi va hayoti, har bir sugʻurtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta 50 ming soʻmgacha miqdorda subsidiya toʻlanadi;

    Xorijda mehnat qilish davrida zoʻravonlikka, majburiy mehnatga duchor boʻlgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablagʻsiz qolgan Oʻzbekiston fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq toʻlanadi.