Hozirgi murakkab sharoitda har bir kun muhimligini inobatga olib, ochiq muloqotni kutib oʻtirmasdan, meva-sabzavot eksporti va toʻqimachilikda toʻplanib qolgan muammolarga yechim topib berildi.
Oʻtgan haftada biznesni “soyadan” chiqarishni ragʻbatlantirish boʻyicha ham tadbirkorlarga yanada qulay sharoitlarni nazarda tutgan katta yangiliklar eʼlon qilindi.
Jumladan, ishini kichik loyihadan boshlab, biznesda tajriba va malaka toʻplagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga koʻmak berib, ularni 50-100 nafar odam ishlaydigan baquvvat korxonalar sohibiga aylantirish maqsadida YATT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etildi.
Endi bunday tadbirkorlar uchun roʻyxatdan oʻtishdan tortib hisobot topshirishgacha boʻlgan barcha xizmatlarni jamlagan raqamli platformalar yaratiladi. Bunda tadbirkorlar kerakli hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolashi mumkin. Ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh toʻlash imkoniyati yaratiladi.