Bogʻdorchilik, dehqonchilik ishlarida hikmat koʻp. Boisi: mehnatingizga yarasha foyda koʻraverasiz. Ekinga vaqtida qarab, parvarish qilsangiz, zahmatlaringiz bekor ketmaydi. Bugun yurtimizda yerni haqiqiy egasiga – xalqqa berishdek samarali tizim yoʻlga qoʻyilgan. Buning natijasida esa minglab oilalar ish bilan, daromad bilan taʼminlanmoqda.

2021-yil 8-iyun kuni Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qishloq xoʻjaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari hajmini koʻpaytirish masalalari koʻrib chiqilgan edi. Yigʻilishda oʻzlashtirilmagan yerlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilgandi. Darvoqe, xalq farovonligini taʼminlashda boʻsh yerlarni oʻzlashtirish, daromad olish eng muhim jihat sanaladi. Yer uchastkalarini ajratish masalasi eng chigal muammo. Aynan shu korrupsiyalashgan jarayonga barham berish uchun ham 8-iyun kuni Prezidentimizning “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Hujjat ijrosi koʻzlangan maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

Odamlarni rozi qilish, inson qadrini ulugʻlash bugungi islohotlarning bosh maqsadi sanaladi. Bunday xayrli tashabbuslar bois, dehqon va fermerlar uchun qator qulayliklar yaratilmoqda. Bu quvonarli hol. Yoshim saksondan oshgan boʻlsa ham, oila aʼzolarim bilan 90 gektar yer maydonida dehqonchilik qilib kelyapman. Shundan 49 gektari suv chiqishi qiyin boʻlgan maydon hisoblanadi.

Prezidentimizning qishloq xoʻjaligi xodimlariga, sohani rivojlantirishga qaratgan alohida eʼtibori gʻamxoʻrligi sabab ishimga mehrim boʻlakcha. Bu yil gʻalladan yaxshi daromad oldik. Paxtadan ham kutilgan hosilni olishimizga ishonaman. Mehnat qilsang, albatta, rohatini koʻrasan, kishi. Mehnat osh-non beradi, deb bejizga aytishmagan.

Biz uchun asosiy rizq manbai boʻlgan, turmushimiz farovonligini taʼminlaydigan yerning har qarichi oltinga teng. Yaylov va choʻl hududlarida boʻsh yotgan yerlardan foydalanish, uni dehqonchilik qilish istagida boʻlganlarga berishdek, samarali tizimning yoʻlga qoʻyilgani oilalarga daromad kirishiga xizmat qilmoqda.

“Yeri boyning — eli boy”, degan maqol bor. Biz esa haqiqiy badavlat insonlarmiz. Boisi, zaminimiz saxovatli, qolaversa, yerga boʻlgan huquqlarni himoya qilish, uzoq yillar davomida foydalanilmay kelgan yerlarni mirishkorlarga berib, ularning daromad koʻrishiga koʻmaklashish borasida eʼtirofga loyiq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularning natijasini oʻz hayotimiz misolida koʻrib, his etib turibmiz.

Sobirjon GʻAVSIDDINOV,

Namangan viloyati, Mingbuloq tumani