Ishlab chiqarish korxonalarining eksport hajmi oshirilyapti

    Energetika 1 Aprel 2021 421

    Joriy yilning birinchi choragida «O‘zbekneftgaz» AJ tizim tasarrufidagi korxonalarning mavjud resurs va ishlab chiqarish salohiyatidan maksimal darajada foydalanildi.

    Tizimda eksport salohiyatini rivojlantirish, tovarlar va xizmatlar eksporti hajmini ko‘paytirish, eksport qilinadigan tovarlar va ular sotiladigan bozorlar nomenklaturasini kengaytirish maqsadida qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan joriy yilning yanvar-mart oylariga belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari 109,9 foizga bajarilyapti. Ushbu ko‘rsatgich o‘tgan 2020-yilning shu davriga taqqoslanganda 105,7 foizga ko‘pni tashkil etadi.

    «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan ishlab chiqarish hajmi joriy yilning yanvar-mart oyi rejasiga nisbatan polietilen 107,3 foizga, suyultirilgan gaz 198,5 foizga va oltingugurt 238,4 foizga bajarildi.

    Bugungi kunda «O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi korxonalar va zavodlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga Turkiya, Estoniya, Polsha va Shvetsariya davlatlarining yirik ishlab chiqarish fabrikalari hamda tadbirkorlari tomonidan qiziqishlar ortishi o‘z navbatida jamiyatning eksport geografiyasi kengaytirishga xizmat qilyapti.

    Joriy yilning birinchi yarim yillik yakuni bilan «O‘zbekneftgaz» AJ eksport prognoz ko‘rsatkichlari rejaga nisbatan 104,3% bajarilishi kutilyapti, deb xabar beradi «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati.