Avvalo, taʼkidlash joizki, 30-iyun — Yoshlar kuni mamlakatimiz yigit-qizlari uchun chinakam shodiyonaga aylanib borayotganining oʻzi katta hodisa. Bayram shukuhi mamlakatimizning eng chekka qishlogʻidagi tengdoshim qalbiga ham shodlik olib kirmoqda. Ular qalbiga Yangi Oʻzbekistonning yuksak, yaratuvchanlik ruhini boshlab boryapti. Tabiiyki, bu hodisa biz, yoshlarni ezgu niyatlar, katta maqsadlar sari chorlaydi.
Oʻzbekiston yoshlari bir maqsad yoʻlida birlashdi. Bu — Uchinchi Renessansga intilish, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, farovon hayotni taʼminlash maqsadi. Shunday ekan, biz uchun har bir kun, har bir yangi tashabbus oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Aytmoqchimanki, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonidamiz. Shu maʼnoda, har birimiz mana shu tarixiy oʻzgarishlar shukuhiga befarq boʻlmasligimiz kerak. Boisi, oʻzgarayotgan Konstitutsiyamizda aynan Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar taʼlim-tarbiyasiga, ilm-fanni, inson kapitalini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu yilgi Yoshlar kuni ham oʻzgacha fayzu tarovat bilan koʻngillarga samimiy tuygʻular ulashdi. Ayniqsa, Prezidentimizning gaplaridan taʼsirlandim, gʻurur tuydim. Davlatimiz rahbari koʻzlagan marralarga erishishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanini yana bir bor taʼkidladi.
“Bugun sizlarning yonib turgan koʻzlaringiz, shodlikka toʻla goʻzal chehrangizga qarab, akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulomning:
Siz axir osmonni olmoq boʻlsangiz,
Ne uchun yelkamni tutib bermayin? —
degan otashin satrlari yodimga tushmoqda. Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani soʻrayman: tinimsiz oʻqib, izlanib, zamonaviy bilimlarni egallashdan, koʻnglingizdagi ezgu maqsadlar sari harakat qilishdan hech qachon toʻxtamang!” deya bizga katta ruh berdi, quvvat bagʻishladi.
Davlatimiz rahbari mana shunday ruhlantirib tursa, biz uchun yelkasini tutib berishga tayyorligini bildirsa, qalbingiz gʻurur-iftixorga toʻlar, qarshingizdagi qiyinchiliklar pisand emas ekan.
“Men oʻz bilimim, kuchim va gʻayratim bilan bu ishonchni oqlashim shart”, degan maqsad bilan oldinga intilarkansiz. Bu tuygʻu, bu ishonch esa naqadar farahbaxsh va yoqimli. Albatta, har bir oʻzbekistonlik yosh qalbida oʻz oilasi, mahallasi, Vatani kelajagi, farovonligi uchun xizmat qiluvchi gʻoya, taklif yoki tashabbus bor. Bu, shubhasiz, ertaga oʻz samarasini beradi.
Farididdun SAID,
Toshkent davlat texnika universiteti 4-kurs talabasi