Ishonch telefoni ishonchni oqlayaptimi?

    Moliya 23 Noyabr 2020 25992

    Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti sohasidagi murojaatlari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida qisqa 11-40 raqamli “Ishonch telefoni” faoliyat yuritmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 14-mart roʻyxatdan oʻtgan “Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki boʻlinmalari orqali ishlamaydigan pensionerlarga pensiyalar, nafaqalar va boshqa toʻlovlarni toʻlashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma 10-bandiga asosan Xalq banki filiali tomonidan pensiyalar, nafaqalar va boshqa toʻlovlar ularni yetkazib berish (topshirish)ning tasdiqlangan jadvaliga asosan har oyning yigirma yettinchi sanasiga qadar uzluksiz yetkazib beriladi (topshiriladi), deb belgilangan.

    Misol uchun, Andijon viloyati, Asaka tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro X.Mning 2020-yil 26-oktyabr kuni Pensiya jamgʻarmasi “Ishonch telefoni”ga oktyabr oyi pensiyasi berilmaganligi boʻyicha murojaat qilgan.

    Murojaat oʻrganilganda fuqaro X.Mning 2020-yil oktyabr oyi toʻlov roʻyxatiga chiqarilgan va Xalqbankining sayyor kassasi xodimi tomonidan 2020-yil 09-oktyabr kuni toʻlanganlik toʻgʻrisida maʼlumot kiritgan, biroq toʻlab berilmagan.

    Pensiya jamgʻarmasiga murojaat qilganidan keyin fuqaroning qonuniy pensiya toʻlab berilishi taʼminlandi. Pensionerga pensiya toʻlovi kech toʻlab berish holati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va AT “Xalq banki” Boshqaruviga tegishli chora koʻrish boʻyicha xat yuborildi.

    Yuqoridagilarga asosan, joylarda pensiya va nafaqalarni yetkazishda kech toʻlab berish holatlari, yetkazib berishda xizmat haqi talab etish, toʻliq miqdorda berilmaslik yoki toʻlovlardan chegirib qolish yoki boshqa holatlar aniqlansa fuqarolardan Pensiya jamgʻarmasining 1140 raqamli “Ishonch telefoni”ga murojaat qilishlarini soʻraymiz.

    Pensiya jamgʻarmasi