Yillar davomida yurtimizda kambagʻallik masalasi deyarli tilga olinmagan, mavzu yopiq boʻlgan. Keyingi yillarga kelibgina, bu masala ochiq muhokamalarga olib chiqildi va uni bartaraf etish boʻyicha tub islohotlar boshlandi. Ushbu toifadagi oilalarni kambagʻallikdan chiqarish, barqaror daromad manbaiga ega qilish, kasbga oʻrgatish, tadbirkorlikka yoʻnaltirish va manzilli koʻmakni yoʻlga qoʻyish kabi ishlar “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturiga asosan amalga oshirilmoqda.
Joriy yil 19-noyabr kuni Prezidentimiz raisligida kambagʻallikni qisqartirish hamda aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda ham kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishidagi ishlar chuqur tahlil qilindi va kechiktirib boʻlmaydigan yangi vazifalar belgilandi. Aslida, kambagʻallik va ishsizlik faqat qiynalgan oilalarning emas, balki jamiyatimizda yashayotgan barchaning umumiy tashvishidir.
Ushbu maqola qahramonlari ham yangi Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlar samarasi tufayli hayot qiyinchiliklarini yengib, nafaqat kambagʻallikdan chiqish, balki el- yurtga nafi tegayotgan tadbirkorlarga aylangan zamondoshlarimizdir.
ENDI HAM YERLI, HAM UYLIMAN
Komila JOʻRAYEVA
Jizzax viloyati Zarbdor tumani:
— Yillar mobaynida 7 farzandim bilan boshpanasiz, tashlandiq joyda chayla qurib yashadik. Baʼzan yeyishga non topolmay, propiskam yoʻqligi uchun farzandlarimni maktabda oʻqita olmay, juda tushkun kayfiyatda yurgan vaqtlarimda kun kelib, meni “Gulchi opa” deb atashlarini xayolimga ham keltirmagandim. Chunki 6 yil oldin “Temir daftar”da roʻyxatda turar, ahvolim nochor edi.
Bugungi kunda Zarbdor tumanidagi “Zarbdor zirapchasi gul koʻchatlarini yetishtirish tomorqa xizmati” MCHJ direktoriman, 35 nafar doimiy ishchim bor. Oʻtgan yili “Yil ayoli” tanlovi respublika bosqichida ishtirok etib, “Yilning eng jonkuyar ayoli” nominatsiyasida gʻolib boʻldim. Joriy yil avgustida esa Prezidentimiz farmoni bilan “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoniga munosib koʻrildim.
Hozirgi yashab turgan joyimiz, tomorqa xoʻjaligimiz ilgari tashlandiq, taqir yer edi. Aynan shu yerga kelib, kichik bir kapa tikib yashaganmiz. Turmushdagi qiyinchiliklar, tushunmovchilik va aldovlar tufayli farzandlarim bilan uysiz, koʻchada qolganmiz. Holing qanday kechyapti, bolalaring nima yeb, nima ichyapti, kiyishga kiyimi, yotarga joyi bormi, nega ayol boshing bilan koʻchada yashayapsan, qishning izgʻirini, yozning jaziramasida bu yerda qanday jon saqlaysizlar deb soʻraydigan odam boʻlmagan.
Beadad shukrki, soʻnggi yillarda yurtimizda kechayotgan yangilanishlar bois, roʻshnolik koʻrdim. Hech kutmaganim holda hayotimda yaxshi oʻzgarishlar roʻy berdi. Buning uchun Prezidentimizdan cheksiz minnatdorman!
Olti yil oldin oʻsha vaqtdagi tuman hokimi kelib yashash tarzimni koʻrdi, “Nega bunday ahvolda yashab yuribsiz, farzandlaringiz maktabda oʻqimayotgan ekan, nima uchun mahallaga yoki bizga murojaat qilmadingiz, mahalla faollari ahvolingizni soʻramadimi?” degan savollarni berdi.
Indamadim. Zero, yillar davomida yordam soʻrab men taqillatib bormagan idora eshigi, koʻmaklashing, ahvolim ogʻir deya aytmagan mutasaddi rahbar qolmagandi. Shuning uchunmi, oʻsha paytlarda hech kimdan koʻmak soʻramaganman. Hokimning “Sizga nima yordam qilaylik?” degan soʻroviga, “Menga yer bering, mehnat qilib, oʻzim oyoqqa turaman”, dedim. Shundan soʻng yer ajratib berildi.
Davlatimiz koʻmagi bilan issiqxona qurdik, bolalarim bilan asta-sekin issiqxonalarni koʻpaytirdik. Tumanda gulchilik yoʻnalishida doimiy faoliyat yurituvchi birorta tadbirkor yoʻqligi bois, bu sohaga ehtiyoj bor edi. Yaqinda quduq qazdirib, suv chiqardik. Ungacha ekinlarni chelaklab suv tashib sugʻorardim. Vaqt oʻtib, yon-atrofni obod qilib, mevali koʻchatlar ekdim. Davlatimizning yana bir moddiy qoʻllovi bilan ikki xonali uy uchun boshlangʻich toʻlov qildim.
Aslida, turmush qiyinchiliklaridan ortib 7 farzandni tarbiyalash, voyaga yetkazishning oʻzi boʻlmaydi. Hayotim asta-sekin izga tushdi, qiyinchiliklar ortda qoldi. Hozir mutasaddi rahbarlar faoliyatimni doim qoʻllab, koʻmak berib kelyapti. Kadastr qilish, issiqxonani gazlashtirish orqali faoliyatim ancha rivojlandi.
Bugun yangi Oʻzbekistonimizda yangilanishlar nafasi esyapti. Insonparvar, taraqqiyparvar islohotlar hisobiga men kabi uysiz, ishsiz, boshpanasiz odamlar hayotida olamshumul yaxshi oʻzgarishlar roʻy bermoqda.
Aytgancha, korxonamiz 2022-yilda faoliyat boshlagan boʻlsa, 2025-yil boshida 100 million soʻm kredit evaziga yana 5 gektar yer olib, manzarali gul koʻchatlari yetishtirishni boshladik. Hozir gullarning 500 xildan ziyodini yetishtiryapman. Issiqxonalarni kengaytirib, gulchilikdan tashqari turli mevali daraxtlar yetishtirish va ichki bozorda sotish, koʻkat va rezavorlarning urugʻini qadoqlab, savdo qilishni yoʻlga qoʻydim. Bundan tashqari, parrandachilik va chorvachilikni ham izga tushiryapman.
Ishsiz xotin-qizlarga tomorqachilik sirlarini oʻrgatish orqali doimiy daromad manbaiga ega boʻlishida koʻmak berish bilan birga ularning maʼnaviy olamini boyitish uchun “Zirapcha” nomli kutubxona tashkil qildim.
Toʻgʻrisi, davlatimiz yaratib berayotgan imkoniyatlar orqali 40 yoshimda kambagʻallikdan chiqib, tadbirkor ayolga aylandim. Asosiysi, farzandlarim oliy taʼlim muassasalarida, kichiklari maktabda oʻqiyapti. Davlatimiz gʻamxoʻrligi va qoʻllab-quvvatloviga javoban ehtiyojmand oilalar, qiynalgan ayollarga koʻmak berishga harakat qilyapman.
TAQDIRNING MENGA BERGAN INʼOMI
Narzullo ZABIXULLAYEV
Toshkent viloyati Zangiota tumani:
— Mahallamizdagi hokim yordamchisining koʻmagi va qoʻllab- quvvatlovi tufayli nafaqat oʻzim, balki oila aʼzolarimning hayoti ham yaxshi tomonga oʻzgardi, ogʻir xastalikdan forigʻ boʻldim. Balki bu taqdirning menga bergan inʼomidir.
Yillar davomida otamning qorovullikdan topgan ish haqi hisobidan kun kechirganmiz. Oilamizda 6 kishimiz, barchamiz birgina otamning maoshiga koʻz tikib yashardik. Inson hayoti bir yilda emas, bir lahzada oʻzgarib ketadi deyishsa ishonmasdim. Yoʻqchilik, yetishmovchilikda yashashni davom ettirish mumkin emasligini, nimadir qilishim kerakligini oʻylardim-u, ishni nimadan boshlashni bilmasdim.
Bir yoqda shifokorlar qoʻygan ogʻir tashxis, ikkinchi tomonda qoʻlimiz kaltaligi. 2024-yilda mahallamizdagi hokim yordamchisi xonadonimizga keldi. Bolaligimdan dizayn sohasiga qiziqqanim bois, turli andozalarni chizib oʻtirgandim. Hokim yordamchisi chizmalarimni koʻzdan kechirar ekan, nega ishlamasligimni soʻradi. “Betobman, onkologik kasallik bilan ogʻriganman”, dedim. U meni malakali shifokorlarga olib borishini aytdi.
Bir necha kundan soʻng shifoxonaga bordik, qayta tekshiruvlardan oʻtdik. Xullas, sogʻligʻim tiklana boshladi.
Oz fursat oʻtmay, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida xonadonimizda bichuvchilik xizmati bilan shugʻullanishga bankdan 33 million soʻm imtiyozli kredit oldim. Dastlab ishimni yakka tadbirkor sifatida boshlagan boʻlsam, hozir 20 ishchi-xizmatchi bilan davom ettiryapman. Ularning bir qismi kambagʻal oilalar aʼzolari.
Kichik tadbirkorligim bugun tibbiyot kiyimlari tikish va bichuvchilikka ixtisoslashgan oilaviy korxonaga aylandi. Hozir 27 yoshdaman, oylik daromadim 80 milliondan ziyod.
Bundan tashqari, olti sotixli tomorqamizda shamshod oʻsimligini yetishtirishni yoʻlga qoʻydik. Donasini 65 mingdan sotamiz, olti oyda 800 dona shamshod yetishtiriladi. Daromadimiz hisobiga xonadonimizni taʼmirladik, turmush sharoitimizni yaxshiladik, avtomobil ham oldik. Quvonarlisi, singlim va ukamni turli toʻgaraklarda oʻqityapman.
Albatta, hayotimdagi bu oʻzgarishlar oʻz- oʻzidan boʻlmadi. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi islohotlar barcha jabhadagi yangilanishlar, katta-katta yutuqlar, biz kabi millionlab insonlar taqdiri yaxshi tomonga oʻzgarishiga asos boʻlyapti. Buning uchun Prezidentimizdan cheksiz minnatdorman!
HAMMASI IZGA TUSHDI, UMIDIM QAYTA TIKLANDI
Shohista NURMAMATOVA
Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani:
— Turmush oʻrtogʻim va bir bolam nogiron. Shu bois, roʻzgʻorning kam-koʻstini toʻldirishga harakat qilardim. Ayniqsa, birinchi guruh nogironi boʻlgan oʻrtancha farzandimning parvarishi, dorilari va kundalik ehtiyojini taʼminlash eng ogʻir sinovlardan biri edi. Voyaga yetmagan uch bolaning kundalik xarajatlari ham bunga qoʻshilib, uzoq yillar tinkamni quritdi.
Yaxshiyam orzu bor. Bu kunlar kelishini yillar boʻyi kutib, niyat qilib yashadim. Yoʻqsa, bilmadim, turmushning bu ogʻir sinovlariga qanday bardosh berardim? Har holda hayotim qachondir oʻnglanishini bilardim.
Shukrki, oʻylaganlarim, yaxshi niyatlarim roʻyobga chiqmoqda. Davlatimiz xalqimizni, yurtdoshlarimiz davlatimizni qoʻllashi ortidan mamlakatimiz tez rivojlanyapti. Yaʼni bugun barchaga tadbirkorlik, ish, oʻqish, sport uchun yaxshi sharoit yaratib berilyaptiki, undan unumli foydalanayotganlarning yutugʻi yigʻilib, Oʻzbekistonimizni har tomonlama yuksaltirmoqda. Asosiysi, “Inson qadri uchun” gʻoyasiga asoslangan ustuvor islohotlar tufayli biz kabi ehtiyojmand qatlam vakillari ham oʻzini baxtli his qilmoqda.
2022-yilda “Temir daftar”ga kiritildim. 2023-yilda “Mahalla yettiligi” yordami bilan oilaviy tadbirkorlikni boshlash uchun 33 million soʻm imtiyozli kredit oldim. Ishni tovuq boqish hamda tuxum sotishdan boshladim. Bu ishning xarajati kam, asosiy ishlar esa uyda bajariladi. Shu bois, ham ishlash, ham farzandlarim va turmush oʻrtogʻimga gʻamxoʻrlik qilishga vaqtim koʻproq boʻladi.
Mehnatda baraka bor deyishadi. 300 ta tovugʻim bor edi, hozir ularning soni ikki mingtaga yetdi. Har kuni qariyb 1000 dona tuxum olaman. Xaridorlar tuxumni uyimdan olib ketadi.
2024-yil kuzida yana 100 million soʻm kredit olib, ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirdim. Endi parrandachilik asosiy daromad manbaimizga aylandi.
Turmush qiyinchiliklari meni baʼzan butunlay yolgʻiz qoldirgandek tuyular, hayotda qanday yoʻl topaman, farzandlarimni qanday qilib oyoqqa turgʻizaman degan oʻylar bilan tunlari bedor oʻtirardim. Shukrki, davlatimizning yordami, eʼtibori orqali hayotim izga tushdi, umidim qayta tiklandi.
Hayotimdagi bu katta oʻzgarishlar uchun davlatimizdan bir umr minnatdorman. Prezidentimizning gʻamxoʻrligi tufayli qaytadan qaddim tiklanib, jamiyatda oʻz oʻrnimni topdim.
DAVLATIMIZ QOʻLLAB-QUVVATLOVI
BILAN SHU DARAJAGA ERISHDIM
Feruza OCHILOVA
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani:
— Yoʻqchilik qursin, qora qozonni qaynatishdan boshqa tashvish xayolingga kelmaydigan paytda farzandlaring biror tansiq taom pishirib yoki yangi kiyim olib berishingni soʻrasa, gʻalati holga tushib qolarkansan. Soʻraganini qilay desang imkoning yoʻq, vaziyatni aytib koyisang, ular bola, tushunmasligi mumkin, boshqa tomondan, ular bu narsalarni soʻrashga haqli. Shunday kezlari javobi yoʻq savollarimdan mayus tortardim.
Bunday tushkunlik ruhiyatga ham taʼsir qilarkan. Soʻnggi yillardagi oʻzgarishlar tufayli oilaviy sharoitimizni oʻrganib chiqib, “Ayollar daftari”ga roʻyxatga qoʻyishganida aytarli oʻzgarish boʻlishiga ishonmagandim. Mahalla faollari bankdan kredit olishimni tavsiya qildi, ijtimoiy daftarda turganim uchun imtiyoz asosida 30 million soʻm oldik.
Shu asosda tomorqamizda ikki sotixli kichik issiqxona barpo etib, dehqonchilikni yoʻlga qoʻydik. Bu kutganimizdan tezroq natija berganini koʻrib juda ruhlandik. Hozirga kelib, qoʻshimcha daromadimiz hisobidan issiqxonani olti sotixgacha kengaytirdik. Yil davomida uch marta hosil yetishtiramiz. Asosan, pomidor va bodringdan barqaror daromad olyapmiz. Yana chorvachilikni ham yoʻlga qoʻydik.
Daromadimiz yaxshi, shuning hisobidan uy-joyimizni taʼmirladik, qoramollarni koʻpaytirdik. Farzandlarimizni oliy taʼlimda oʻqitishni niyat qilganmiz. Davlatimiz qoʻllab-quvvatlovi bilan shu darajaga yetishdim. Fikrimcha, bu yoʻnalishdagi siyosat evaziga Oʻzbekistonda menga oʻxshab muhtojlikdan farovonlikka chiqqanlar, tadbirkor boʻlib el-yurt manfaati yoʻlida xizmat qilayotganlar juda koʻp. Shuning uchun mamlakatimiz juda tez surʼatlarda rivojlanyapti.
Demoqchimanki, davlatimiz mana shunday sharoit yaratib bergan ekan, biz bu ishonch, ragʻbat fursatini imkoniyatga aylantirib, ham oilamiz, ham yurtimiz barqarorligi yoʻlida bor kuch-gʻayratimizni ishga solishimiz talab etiladi. Shaxsan oʻzim bu talabni sharaf bilan bajaraman.
* * *
Bugun “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi natijasida xalqimiz turmush tarzida yangi imkoniyatlar, yangi sahifalar ochilmoqda. Keng qamrovli islohotlar har bir hududda oʻzining aniq natijasini bermoqda.
Qaysi hududga bormang, tomorqadan unumli foydalanish, issiqxona xoʻjaliklari, gulchilik va kichik biznesning turli yoʻnalishlarini rivojlantirayotgan fidoyilarga duch kelasiz. Ular nafaqat oʻz oilalariga mustahkam tayanch, balki mahalla hayotiga yangi ruh va harakat bagʻishlayotgan yangi davr ishbilarmonlaridir.
Ulardan bir guruhining hayoti bilan tanishar ekanmiz, imkoniyatlardan unumli foydalanish asnosida kambagʻallikdan chiqib, munosib hayot darajasiga erishganining guvohi boʻlamiz. Ularning har biri iroda, mehnat va intilish bilan roʻzgʻoriga baraka, hayotiga esa goʻzal maqsadlar kirita olgan.
Ha, insonning farovon, toʻkin va xotirjam hayot kechirishi, avvalo, uning oʻzidagi iroda va halol mehnatiga bogʻliq. Xonadonida tinchlik, mehnatida baraka boʻlishini istagan har bir inson bugungi islohotlardan unumli foydalangan holda oʻz saʼy-harakatlari bilan toʻkin va toʻkis hayotga erishishi mumkin.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri








