Shu ma’noda, olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Qurolli Kuchlar mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashning chinakam kafolatiga aylanib borayotgani quvonarli, albatta. Bu misli ko‘rilmagan islohot xavfsizlik poydevori bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi islohi bilan boshlandiki, avvalgi noaniq va mubham bandlar o‘rniga harbiy sohada milliy daxlsizlikni ta’minlashga doir prinsiplar va yondashuvlar aniq belgilab qo‘yildi.
Men ko‘plab Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan majlislarida ishtirok etganman va har gal Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu borada har qanday kamchilik va nuqsonlarga qat’iy murosasizligini ko‘rganman, ona tuproqqa mehri sust kimsalarga bu tizimda mutlaqo o‘rin yo‘qligini qayta-qayta ta’kidlaganini eshitganman. Chegaralarimiz daxlsizligi va yurt osoyishtaligi Oliy Bosh Qo‘mondonning bosh maqsadi bo‘lib, Yetakchimiz nafaqat O‘zbekistonning, balki mintaqa va dunyoning tinchligi uchun tolmas kurashchi ShAXS ekaniga ko‘p bor guvoh bo‘lganman.
O‘n yil avval kimdir bugungi islohot mevalaridan nishona haqida so‘z ochsa, uning aqli rasoligi shubha uyg‘otishi aniq edi. Qurolli Kuchlar darvozasiga yetti qat qulf urilgani bois, o‘sha paytlari ichkarida kechayotgan tanazzul ko‘pchilikka sezilmagan bo‘lishi mumkin. Lekin ozmi-ko‘pmi jarayon ichida yurgan guvoh sifatida ochig‘ini aytsam, har tomonlama yopiq, totalitar siyosat oqibatida armiyamiz ham moddiy, ham ¬ma’naviy jihatdan inqiroz yoqasiga kelgan, xalq tilida ta’riflansa, xonavayron, ramaqijon ahvolda edi. Boz ustiga do‘stni yovga aylantirish, yo‘q joydan sun’iy dushman orttirish “tajriba”si tufayli yon qo‘shnilarni ham begona tutib, tinchligimizga xavfni oshirib olgandik (agar qo‘shnilar bilan do‘stona munosabat bo‘lganda, 2000-yillari har xil buzg‘unchi kuchlar yuzlab kilometr yo‘l bosib, chegaramizdan o‘tarmidi?).
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini nafaqat mustahkamladi, balki uni mintaqadagi eng zamonaviy va jangovar armiyaga aylantirdi.
Jahon tajribasi va tahlillardan kelib chiqib, ichki va tashqi xatarlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha yangi jangovar bo‘linmalar tuzildi, qo‘shinlar tarkibi optimallashtirildi. Zamonaviy urushlar “texnologiyalar jangi” ekanini inobatga olib, O‘zbekiston armiyasida uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘linmalarining tashkil etilishi strategik qadam bo‘ldi. Bu nafaqat razvedka imkoniyatlarini kengaytiradi, balki nishonlarga yuqori aniqlikda zarba berish qobiliyatini ham oshiradi. Armiyani raqamlashtirish jarayoni esa boshqaruv tizimining tezkorligini ta’minlamoqda. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari keyingi yillarda texnik, ma’naviy va falsafiy jihatdan ham tubdan yangilandi.
* * *
Mamlakatning mudofaa qudrati zamonaviy qurol-yarog‘, temir intizom hamda xalq va armiya o‘rtasidagi mustahkam ishonch va ruhiy birdamlik bilan o‘lchanadi. Bugun O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimida kechayotgan o‘zgarishlarni kuzatar ekanman, qo‘yilgan tamal toshlari va bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘l ko‘z oldimdan o‘tadi.
2012-yili Mudofaa vazirligi huzurida yangi institut — Jamoatchilik kengashi tuzildi. O‘sha paytda bizda na tajriba bor edi, na aniq bir dastur. Ofitserlar uyida o‘tgan Kengashning dastlabki ta’sis yig‘ilishi xotiramda muhrlanib qolgan. O‘sha yig‘inda Shavkat Miromonovich Bosh vazir sifatida ishtirok etgan edi. U kishi bizga, hali bu sohada hech narsani tushunmagan ziyolilar, olimlar va ijodkorlarga kengashning asl mohiyatini oddiy va lo‘nda qilib tushuntirib bergandi: “Bu kengash shunchaki rasmiyatchilik uchun emas, xalq bilan armiya o‘rtasidagi jonli, mustahkam ko‘prik bo‘lishi kerak!”.
Ushbu g‘oya faoliyatimizning bosh falsafasiga aylandi. Ammo ko‘prik haqida gap ketganda bir narsani hech qachon unutmaslik lozim. Ko‘prikdan faqat bir tomonga o‘tilmaydi! U ikki tomonlama harakatlanuvchi tizim bo‘lishi kerak. Armiya xalqqa imkon qadar ochiq bo‘lishi, xalq esa armiyani o‘z jigaridek qabul qilishi lozim. Zero, kazarmalarda xizmat qilayotgan qorako‘zlar osmondan tushgan emas, ular o‘zimizning farzandlarimiz, jigarbandlarimiz, mahalladoshlarimizdir. Ota-ona uyida o‘tirib, “bolam tinch, qorni to‘q, Vatanga sharaf bilan xizmat qilyapti” deb ko‘ngli xotirjam bo‘lishi — tinchligimizning bosh omili hisoblansa-da, afsuski, o‘sha yillardagi sharoit bizga keng quloch yozib ishlashga imkon bermadi. Dastlabki besh-olti yil davomida Jamoatchilik kengashi de-fakto marionet tizimida ishladi. Ishimiz ko‘proq “xo‘jako‘rsin”ga, hisobotlar uchun edi.
* * *
Bugungi shiddatli islohotlar, zamonaviy poligonlar va eng so‘nggi texnologiyalar bilan qurollangan Milliy armiyamizni ko‘rib, qalbimiz faxrga to‘ladi. Biroq bugungi yutuqlarning qadriga yetish uchun yaqin o‘tmishning achchiq, gohida esa ko‘z yoshsiz o‘qib bo‘lmaydigan sahifalarini eslashga majburmiz. Jamoatchilik kengashidagi ko‘p yillik faoliyatim davomida armiyamizning eng og‘ir va e’tibordan chetda qolgan davrlariga guvoh bo‘lganman. Bugun o‘sha xatolardan xulosa chiqarish, islohot samarasining qadriga yetish uchun ham ochiq gapirish mavridi yetildi.
O‘sha paytlarda xalqaro reytinglarda O‘zbekiston armiyasi “Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiya” deb ko‘rsatilardi. Ammo bu shunchaki sarob edi. Bu reytinglar sobiq ittifoqdan, Turkiston harbiy okrugidan qolgan eski qurol-yarog‘lar, tanklar va texnikalarning soniga qarab tuzilardi. Aslida esa voqelik teskari edi. O‘sha maqtalgan texnikalarning aksariyati zanglab, yaroqsiz holga kelgan, ularni ta’mirlash uchun na mablag‘, na mutaxassis topilardi. Davlat armiyadan pul tejash siyosatini yuritar, munosabat shunday nuqtaga yetgan ediki, Qurolli Kuchlar mamlakat xavfsizligi kafolati emas, balki g‘aznaga ortiqcha og‘izdek ko‘rilardi.
Eng achinarlisi, harbiy xizmatning nufuzi va muqaddas mohiyati yo‘qolgandi. Yoshlar armiyaga Vatanni himoya qilish, erkaklik maktabini o‘tash uchun emas, balki faqatgina bitta imtiyoz — o‘qishga kirishda beriladigan tavsiyanoma uchun boradigan yillar edi. Armiya — qutlug‘ qasamyod maskanidan OTMga kirish uchun beriladigan “yo‘llanma bekati”ga aylanib qolgandi. Bu harbiyatda ruhiy va ma’naviy inqirozning eng yuqori cho‘qqisiga aylandi.
* * *
Mening xotiramdagi eng og‘riqli manzara bu — paxta dalalaridagi askarlardir. O‘sha paytda armiyamizning asosiy poligoni Sirdaryo va Jizzaxning paxta dalalari bo‘lgan. Ularning holidan xabar olgani borganimizda, manzaralar yurak-bag‘irni ezardi. Tasavvur qiling, kechki soat 22:00. Hammayoq zim-ziyo. Biz yotoqqa aylantirilgan maktabning stadionida ona yurt himoyachisi bo‘lgan askarlarning qaytishini kutib turibmiz. Uzoqdan peshonasiga fonar o‘rnatib olgan, ammo chehralari nursiz, xuddi asirlardek oyog‘ini sudrab kelayotgan sharpalar ko‘rinardi. Bular — bizning “mardi maydon” jangchilarimiz edi. Kiyimlari shalviragan, loy va changga botgan, ruhlari siniq, ko‘zlari mudroq, tinkasi qurigan bu sho‘rliklarning qulog‘iga balandparvoz she’rimizu soxta ko‘tarinki laparlarimiz kirarmidi?!
Bugun biz nega armiyadagi olamshumul o‘zgarishlar haqida baland ovozda gapiryapmiz? Chunki biz o‘sha “paxtakor armiya” bosqichidan o‘tganmiz, inson qadri g‘o‘zapo‘choqdek xor bo‘lgan davrni ko‘rganmiz, armiyaning jilovini “badqovoq nozir”lar tortganiga guvohmiz.
Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan armiyani paxtadan, qurilishdan va boshqa begona ishlardan butunlay xalos qilingani bu — shunchaki islohot emas, bu millat sha’nini yuksaltirishdek jasorat namunasidir. Bugun bu davrga uzil-kesil nuqta qo‘yildi, askarlar ikkinchi darajali ishlarga jalb qilinishi to‘xtatildi. Bugungi kunda armiyamiz to‘laqonli jangovar shaylik va tayyorgarlik bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. Armiya professional asosga o‘tdi. Bu bilan biz o‘sha qora kunlarni unutmasligimiz kerak, toki ular hech qachon qaytmasin degim keldi.
* * *
Prezidentlik lavozimiga kirishgan yangi Oliy Bosh Qo‘mondonning armiyani milliylashtirish, o‘zbek tilida gapiradigan va tafakkur qiladigan harbiy mutaxassislarni tayyorlashga bo‘lgan e’tibori, mamlakatning harbiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Islohotlar doirasida harbiy maktablar yangilandi. Ilgari “Suvorovskaya shkola” deb mashhur bo‘lgan va keyinchalik ham negadir ana shu ajnabiy nasab bilan atalavergan maktablarning ahvoli bolalar koloniyasiga o‘xshar edi. Talabalik paytim Farg‘onaning Frunze massividan teparoqda joylashgan bu nomi baland dargohning devori tikanli sim bilan o‘ralgan bo‘lib, ichkaridan ko‘pincha dag‘dag‘a, qichqiriq va so‘kinch eshitilar, gohi eshik tirqishidan momataloq yuzlar ko‘rinib, non so‘ragan yolvorishlar quloqqa chalinardi. Odatda bunday “tarbiya” maskanlariga mahalliy xalqdan ko‘ra, ko‘proq boshqalar tarbiyasi og‘irroq yoki boquvchisini yo‘qotgan bolalarni topshirardi. Xullasi kalom, bu joyni bolalar jazo lageri deb atalsa to‘g‘ri bo‘lardi. Endi-chi? Avvalo, bu turqi sovuq maskanlar batamom tugatilib, yangi “Temurbeklar maktabi”ga asos solindi va shu muborak nomga munosib shart-sharoit yaratildi.
2023-yilda Urganch shahrida yangi zamonaviy talablarga javob beradigan o‘quv sinflari va laboratoriyalar, yotoqxona va barcha infrastrukturaga ega “Jaloliddin Manguberdi” harbiy-akademik litseyi tashkil etildi. Bugungi kunda bu va boshqa kuch ishlatar tizimlarning turdosh maktablarida ta’lim olayotgan bolalarning yashash va o‘qish sharoiti tubdan yaxshilandi, ularning sog‘lom va barkamol rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar muhayyo.
Islohotning samarasi izchillikdadir. Prezidentning uzoqni ko‘zlagan siyosatiga ko‘ra, harbiy oliy o‘quv yurtlarining ham ichki, ham tashqi qiyofasi batamom yangilandi.
Barcha harbiy ta’lim muassasalari institut maqomida markazlashgan tizimga o‘tkazilib, yagona O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi. Bugungi askar va ofitser faqatgina qurolni ishlata olishi kifoya emas, u vaziyatni tahlil qila oladigan, tezkor qaror qabul qiladigan va yuqori texnologiyalarni boshqara oladigan intellektual shaxs bo‘lishi lozim. Sun’iy intellekt asosidagi o‘qitish tizimlarining joriy etilishi kadrlar tayyorlash jarayonini individuallashtirish va baholashda xolislikni ta’minlash imkonini bermoqda. Bu kelajakdagi “aqlli urushlar”dan saqlanishga bugundan tayyorgarlik ko‘rish demakdir.
Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil qilinib, unutilayozgan Toshkent gospitali shifokorlarining shuhrati qayta tiklandi.
Harbiy kadrlarni xorijiy tillarda o‘qitishga mo‘ljallangan “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” markazi yangidan barpo etildi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi.
* * *
Ma’lumki, yaqin o‘tmishda tizim uchun o‘quv adabiyotlari asosan sho‘rodan meros darsliklar asosida shakllangan, tarkibiy tuzilma ham o‘sha “qizil” andozada edi. Bugungi askarlar shaxsan Oliy Bosh Qo‘mondon ko‘rsatmasiga binoan “Temur tuzuklari” va “Boburnoma” kabi harb san’atiga oid milliy yo‘riqlar, o‘zbekona qadriyatlar va an’analarimiz asosida tarbiyalanmoqda. Ular Vatanni himoya qilish, buyuk ajdodlarga munosib izdosh bo‘lish, mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash yo‘lida o‘z hayotlarini bag‘ishlashga tayyor.
Bir paytlar davlat tili bayramiga bag‘ishlangan tanlov g‘olibi bo‘lgan harbiylarga “Pochyotnaya gramota” berilganida bu mantiqsizlikdan odam kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qolgandi. O‘shanda yulduzi kattalar orasida o‘zbekcha gapiradigani barmoq bilan sanoqli bo‘lgandan keyin milliy armiya qurish mumkinmidi?
Bugun armiya tili davlat tili bo‘lgan — o‘zbek tili! Harbiy nizomlar, buyruqlar va harbiy atamalar milliy tilimizda jaranglamoqda. Kuni kecha Til komissiyasining harbiy sohaga oid yot so‘zlar o‘rniga davlat tilidagi istilohlarni joriy etish to‘g‘risidagi takliflari bilan tanishdik. Qodiriy bobo “O‘zbek tili kambag‘al deganlar o‘zi kambag‘al” deganidek, beqiyos til xazinamizdan har bir so‘zga bir emas, bir necha muqobil topilgani va asosiysi, shu topilmalarni topish ishtiyoqi shakllangani ko‘nglimizni tog‘day ko‘tardi. Bugun Oliy Bosh Qo‘mondon tashabbusi bilan kitobxon armiyaga aylangan soha nafaqat chegarani, balki milliy qadriyat va tilimizni ham himoya qiluvchi ma’naviy qo‘rg‘onga aylandi.
Joriy yilda barcha harbiy qism va muassasalar jami 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
Qurolli Kuchlar tizimidagi harbiyga yo‘naltirilgan maktab-litsey o‘quvchilari, muddatli harbiy xizmatchilar, kursantlar, serjant va ofitserlar o‘rtasida Oliy Bosh Qo‘mondon sovrini uchun kitobxonlik tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Okrug, qo‘mondonlik, vazirlik, Oliy Bosh Qo‘mondon tanlovlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan askarlarning muddatli harbiy xizmati bir oyga qisqartirib beriladi. G‘oliblarga bosh sovrin — yengil avtomobil sovg‘a qilinishi kitobxonlik orqali davlat tiliga, adabiyot va ma’naviyatga yuksak ehtirom namunasidir. Qarang, bugun xizmatga kelgan yigit kasb-hunar egallashi, til o‘rganishi, kitob o‘qib, ma’naviy dunyosini boyitishi va buning evaziga avtomobil minib qaytishi mumkin! Bunday rag‘bat dunyo tajribasida yo‘q. Millat Yetakchisi kitobni ma’naviyat va ma’rifat, milliy qadriyat, ezgu an’analar, buyuk tarix, ta’lim-tarbiya hamda chin vatanparvarlikning asosi deb hisoblaydi.
* * *
O‘zbekiston armiyasiga chaqirilgan yigitlar nafaqat jismonan, balki ma’naviy jihatdan ham barkamol, norg‘ul, yelkalari va dunyoqarashi keng, hatto ular kutib olgan ofitserlardan ham ko‘ra basavlat ko‘rinadi. Bu yigitlar harbiy xizmatga faqat imtiyozlar yoki majburiyatlar uchun emas, balki Vatanini himoya qilish maqsadida kelgani aniq. Ular uchun harbiy xizmat — faqat vazifa emas, yigitlik burchi va shon-sharaf masalasi. Suhbatlashganda, “Men harbiy xizmatda qolaman”, “Vatanimni himoya qilaman” degan niyatlarni eshitasiz.
* * *
Bugungi armiyamizning yangi konsepsiyasi milliy qadriyatlarga asoslanadi. Ilgari armiya jamiyatdan ajralgan, yopiq tizim edi dedik. Hozir harbiy shaharchalardagi ochiq eshiklar kunlari, harbiy-vatanparvarlik festivallari, yoshlar uchun “Amir Temur vorislari” kabi ko‘riklar xalq va armiya o‘rtasida mustahkam ishonch ko‘prigini qurdi. Bir paytlar jigarbandlarini harbiy xizmatga yig‘i-sig‘i bilan kuzatgan ota-onalar bugun farzandlarini yigitlik burchini o‘tash uchun dorilfununga o‘qishga kuzayotganday shodiyona bilan yo‘llamoqda. Darhaqiqat, armiyamiz bugun jasorat, ma’naviyat va vatanparvarlik maktabiga aylandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsan poligonlarga borishi, askarlar bilan birga ovqatlanishi, do‘stona suhbati — Oliy Bosh Qo‘mondon va oddiy askar o‘rtasidagi ruhiy yaqinlikni yaratdi. Ana shunday samimiy munosabat xalq va armiya o‘rtasida ham shakllandi. Millatning, Vatanning xizmatiga shay bo‘lgan armiya o‘z faoliyatini ona xalqi manfaatlari yo‘liga safarbar qilgan.
* * *
O‘n yil avval harbiylar uy olishi ushalmas orzu sifatida qabul qilinar edi. Bir umr ko‘chmanchilardek behalovat ijaralarda yashab o‘tgan ofitserlarni taniymiz. Sargardon sharoitda oila va farzand xolini tasavvur qiling, ularning tashvishini chekkan nochor otaning ahvolini ko‘z oldingizga keltiring. “Oila tinch bo‘lsa, ko‘ngil xotirjam bo‘ladi. Ana shundagina Vatan himoyasi haqida gapirish mumkin”, deb ta’kidlagandi Oliy Bosh Qo‘mondon. Bugungi kunda harbiylarga uy berish an’anaga aylandi. Bu borada 2025-yilda 300 xonadonli xizmat uylari hamda ipoteka krediti asosida 40 ta ko‘p qavatli uylar qurilib, 1200 nafar harbiy xizmatchilar uy-joy bilan ta’minlandi.
Harbiylarni 373 nafar nogironligi bor farzandlari hamda 28 nafar halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari gospitallarda davolandi.
Harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun turli yo‘nalishdagi 2580 ta o‘quv kurslari va to‘garaklar tashkil etilib, 918 nafariga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomalar berildi. O‘tgan yoz mavsumida 7391 nafar farzandlarimiz Vazirlik tasarrufidagi bolalar oromgohlarida dam olishlari ta’minlandi.
Bir vaqtlar ota-onalar “Qizimni harbiyga bermayman, umri jomadon sudrab, ko‘chama-ko‘cha o‘tadimi?” deb oyoq tirab olardi. Harbiy oilalar respublikaning turli hududlariga ko‘char ekan, yosh onalarning tibbiyot va ta’lim masalasida sochi oqarib ketardi. Armiyada tibbiy xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy himoya darajasi past bo‘lgani uchun navqiron askarlar turli kasalliklar oqibatida oilaviy turmushini yo‘lga qo‘yishga qiynalardi. Bugun esa harbiyning rafiqasi bo‘lish chinakam sharafga aylandi. Bugun nafaqat serjant va ofitserlar, balki ularning oilasi ham davlat himoyasida. Askarlar Vatan sarhadlarini himoya qilar ekan, davlat ularning Vatan ichidagi vatani bo‘lmish oilasini himoya qilmoqda.
* * *
Barcha sohalarda jadidlar merosiga murojaat qilyapmiz. Mudofaa ham bundan mustasno emas. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat va Cho‘lpon kabi jadid bobolarimiz millatning ozodligini faqat ma’rifatda emas, balki zamonaviy qo‘shinda ham ko‘rgan. Turkiston Muxtoriyatiga yo‘llagan maktubida “Agar biz hurriyat rivojini istasak, undan bahra topmoqchi bo‘lsak, lozimki, o‘zimizdan tadrijiy suratda askarlarimiz bo‘lsun. Ul milliy askarlarimizning vazifasini, qiyofat va shaklini, libos va tarz maishatini o‘zimiz tayin qilurmiz”, deb yozadi Behbudiy hazratlari.
Bugungi armiyamiz — aynan o‘sha jadidlar orzu qilgan, dunyo ilm-fanini egallagan, vatanparvar va intellektual qo‘shindir. Biz bobolarimizning ma’naviy merosini, ularning kuchli davlat haqidagi strategik qarashlarini ham hayotga tatbiq etmoqdamiz.
* * *
Zamonaviy urushlarda son bilan emas, balki aql bilan g‘alaba qozonilmoqda. Armiya va sun’iy intellekt — bugungi kunning ajralmas qismi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimiga raqamli texnologiyalar, dronlar, sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan razvedka va aloqa tizimlari shiddat bilan kirib kelmoqda. Kibermakon — yangi front va bizning harbiylarimiz bu maydonda ham yuqori texnologik tayyorgarlikka ega. Shulardan kelib chiqib, o‘tgan davrda armiyani raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Qo‘shinlarni boshqarishda tezkorlik va muvofiqlashtirish masalalari qayta ko‘rib chiqildi, barcha darajadagi boshqaruv organlari faoliyati takomillashtirildi. Ularning faoliyatiga eng ilg‘or axborot-kommunikatsiya tizimlariga asoslangan, ishonchli himoyaga ega, avtomatlashtirilgan boshqaruv vositalari joriy etilib, qo‘shinlarni avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi bosqichma-bosqich yaratilmoqda. Axborot almashinuvi xavfsizligini ta’minlash maqsadida milliy kriptografiya himoya vositalari o‘rnatildi.
Muhtaram Prezidentimizning 2026-yildagi tegishli qarorlari asosida Raqamli texnologiyalar bosh boshqarmasi, Sun’iy intellekt texnologiyalari departamenti va Kiberxavfsizlik laboratoriyasi kabi yangi bo‘linmalar tashkil etildi.
Har qanday zamonaviy qurol, agar uni boshqarayotgan insonning ruhiyati mustahkam bo‘lmasa, samara bermaydi. Milliy armiyamizda ma’naviy-ruhiy tayyorgarlikka berilayotgan e’tibor vatanparvarlik hissini faqat shiorlarda emas, balki har bir harbiy xizmatchining ongida shakllantirishga yo‘naltirilgan.
* * *
O‘zbekiston Prezidenti — tinchliksevar siyosat tarafdori. Biz hech kimga tahdid qilmaymiz, hech kimning yeriga ko‘z tikilmaydi. Ammo Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Tinchlikni saqlash uchun har soniyada urushga tayyor turish kerak”. Aynan mana shu siyosat natijasida O‘zbekiston armiyasi xalqaro reytinglarda (Global Firepower) Markaziy Osiyoda birinchi va dunyoning eng kuchli armiyalari qatoridan munosib o‘rin oldi. Xalqaro armiya o‘yinlaridagi (ArMI) muvaffaqiyatlarimiz dunyo harbiy ekspertlarini lol qoldirmoqda. O‘zbekiston Milliy Armiyasi bugun mintaqaviy barqarorlik kafolati, milliy g‘urur manbaidir.
Mudofaa sanoatining mahalliylashtirilishi esa davlatning iqtisodiy va harbiy suverenitetini yanada mustahkamlamoqda. O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi islohotlari “Mehnat va aql bilan hurmat qozonamiz” tamoyiliga asoslangan bo‘lib, u mutlaqo mudofaa xarakteriga ega. Islohotlar samarasi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston o‘z sarhadlarini har qanday tashqi tahdiddan himoya qilishga qodir qudratli armiyaga ega bo‘ldi. Raqamlashtirish, intellektual salohiyat va yuqori texnologik qurollanish — bu uchlik Yangi O‘zbekiston armiyasining qiyofasini belgilab bermoqda va mintaqaviy barqarorlikning asosiy kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.
* * *
Dunyoning geosiyosiy xaritasida keskin o‘zgarishlar yuz berayotgan, xalqaro huquq me’yorlari zaiflashib, qurollanish poygasi yangi bosqichga chiqqan bir davrda, O‘zbekiston o‘z mudofaa strategiyasini tubdan yangilamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning soha bo‘yicha belgilab bergan yangi vazifalari shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy armiya endi nafaqat jismoniy kuch, balki yuqori texnologiyalar va kuchli ijtimoiy institutlar majmuiga aylanmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, tank va samolyotlar soniga tayanish davri o‘tdi. Bugungi kunda jang maydonida sun’iy intellekt, kiber-texnologiyalar va masofaviy boshqaruv tizimlari hal qiluvchi rol o‘ynaydi. O‘zbekistonning proaktiv ish rejimiga o‘tishi bu — tahdid kelganda emas, balki u hali shakllanmasdan turib chora ko‘rish, potensial xatarlarni raqamli tahlil orqali prognoz qilish demakdir. Bu armiyaning nafaqat qurollanishini, balki uni boshqarayotgan shaxsiy tarkibning dunyoqarashini ham o‘zgartirishni talab qiladi.
Eng katta inqilobiy o‘zgarishlardan biri — muddatli harbiy xizmatning ijtimoiy mohiyatini o‘zgartirishdir. Endilikda armiya yoshlar uchun yo‘qotilgan bir yil emas, balki shaxs bo‘lib shakllanish mavsumiga aylanmoqda. Harbiy qismlarda 3-6 oylik kasbga tayyorlash kurslarining joriy etilishi askarning uyga sertifikatlangan mutaxassis bo‘lib qaytishini ta’minlaydi. Bu mehnat bozoridagi ishsizlik muammosini hal qilishda ham muhim omildir.
Shu bilan birga, qurolli kuchlarda AT-avlodni shakllantirish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. “Bir million dasturchi” va “Besh million SI yetakchisi” loyihalariga har yili 5 ming askarning jalb qilinishi bu — davlatning kelajakdagi raqamli iqtisodiyoti uchun kuchli zaxira yaratish demakdir. Harbiy qismning o‘zida oliygohga kirish imtihonlarini topshirish va talabalikka qabul qilinishi bilan xizmatdan so‘ng darrov o‘qishni boshlash tizimi yoshlarning vaqtini tejaydi va ularning ilmiy salohiyatini oshiradi.
Bundan tashqari, 2026-yil may oyidan boshlab, Prezidentimizning qarorlari bilan muddatli harbiy xizmatchilar uchun bir qator imtiyoz va kafolatlar berildi.
Askarlarimiz uchun hududiy texnikumlar bilan hamkorlikda “Bitta askar — bitta kasb” tamoyilida 3-6 oylik o‘quv kurslari tashkil etildi va kurslarni tamomlaganlarga davlat namunasidagi sertifikatlar berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Armiyadan qaytgan yoshlar uchun davlat taklif etayotgan imtiyozlar paketi (foizsiz ta’lim kreditlari, tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar, davlat xizmatiga kirishdagi qo‘shimcha ballar) ularning jamiyatga tezkorlik bilan integratsiyalashuviga va iqtisodiy faol qatlamga aylanishiga xizmat qiladi.
Armiyani yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabiga aylantirish orqali mamlakatning inson kapitalini boyitish ko‘zda tutiladi. Bu islohotlar natijasida “muddatli harbiy xizmat” tushunchasi o‘z mazmunini o‘zgartirib, nafaqat Vatanni himoya qilish majburiyati, balki yoshlar uchun porloq kelajakni qurish imkoniyatiga aylanmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tinchlik — eng oliy ne’mat, uni asrash esa faqatgina kuchli va aqlli bo‘lish orqali amalga oshadi.
* * *
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi asosida boshlangan ishlar endi mutlaq yangi sifat bosqichiga ko‘tarilib, Qurolli Kuchlarning yangi, modernizatsiya qilingan o‘t ochish tizimlari va texnika bilan ta’minlash harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini, qo‘shinlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda davom ettiriladi. Umuman olganda, harbiy qurilish sohasidagi islohotlarning samaradorligini baholab, mamlakatimiz mustaqilligi va xavfsizligining kafolati — xalqimizning tinch hayotini ta’minlashga qodir milliy Qurolli Kuchlar shakllanganligini ta’kidlashga to‘la haqlimiz. Shoir aytganidek, “Ishonchli qo‘ldadir Vatan taqdiri!”.
Iqbol MIRZO,
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi