“Ishonch”ning “Yil ishonchi”

    Undagi har bir maqolada bugungi zamon aksini, shu kunning odamlarini qiynayotgan muammolarni, ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy jarayonlarni koʻrish mumkin.

    “Ishonch” gazetasi tahririyati tomonidan chop etilgan “Yil ishonchi” nomli kitobning taqdimoti bugun Milliy matbuot markazida boʻlib oʻtdi.

    Taqdimot avvalida yozuvchi va publitsist Xurshid Doʻstmuhammad hamda yirik tilshunos olim va yozuvchi Ibrohim Gʻafurov soʻzga chiqib, toʻplamning ahamiyati, jurnalistikada tutgan oʻrni va u orqali jamiyatga yetkazib bermoqchi boʻlgan fikr-mulohazalar haqida gapirdi.

    — Mazkur kitob orqali jamiyatimizda aks etayotgan voqea-hodisalarni, jurnalistik kuzatuvlarni koʻrishingiz mumkin. “Kitobda Ayollar daftari” boʻyicha olib borilayotgan ishlarning natijasi bilan ham tanishishingiz mumkin. Eng muhimi, kitobdagi har bir maqola bosh koʻtarmasdan oʻqiladigan jurnalistik ijod namunalaridan iborat. Yana bir jihati, kitob bir yillik solnoma boʻlib, u keyingi paytlarda “Gazeta kerakmi, yoʻqmi? ”, degan savolga aniq- tiniq javob bergan, — deydi Oʻzbekiston axborot agentligi direktori Abdusaid Koʻchimov.

    Tadbirda Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori Halim Saidov ham soʻzga chiqib, quyidagilarni gapirdi:

    — Kitob har yilgidek, darsga olib kiradigan, talabalarga oʻqib beradigan va oʻqishga chorlaydigan kitob boʻlgan. Undagi har bir maqolada bugungi zamon aksini, shu kunning odamlarini qiynayotgan muammolarni, ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy jarayonlarni koʻrish mumkin. Men yana bir jihatni ham taʼkidlashni istardim. Gazetaning ushbu toʻplamni chiqargani barcha tahririyatlarga namuna boʻlishi lozimligi taʼkidlandi. Shubhasiz, bunga barchamiz qoʻshilamiz. Shu bilan birga, gazeta muassisining muassislik faoliyatidan ham boshqa muassislarimiz oʻrnak olishlari kerak.

    Shuningdek, tadbirda Xalq soʻzi gazetasi bosh muharrir oʻrinbosari Shuhrat Jabborov, “Milliy tiklanish” gazetasi bosh muharriri Mirodil Abdurahmonov, siyosatshunos Farhod Tolipov va boshqalar soʻzga chiqdi.