“Ishq handasasi” — nozik qalb jozibasi

    Yozuvchilar uyushmasida “Shuhrat” medali sohibi, filologiya fanlari nomzodi Gulandom Togʻayevaning “Ishq handasasi” nomli kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Shoiraning “Ishq handasasi” sheʼriy toʻplamidan uning turli yillarda yozilgan eng sara sheʼrlari oʻrin olgan. Uning sheʼrlarida begʻuborlik, joʻshqinlik, teran mung, ishq, oʻzbek qizining ibo-hayosi, andishasi... bir soʻz bilan aytganda, nozik qalb jozibasi bor boʻyi bilan nomayon boʻladi. Betakror ohang harorati adabiyot ixlosmandlarini befarq qoldirmaydi.

    Kitob “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan boʻlib, unga Shuhrat Azizov muharrirlik qilgan.

    Gulandom Togʻayevaning “Ajdodlar xazinasi”, “Shukrona”, “Ilm qudrati”, “Saodatli umr”, “Umrboqiy qoʻshiqlar”, “Siz sogʻingan qoʻshiq”, “Xalq vijdoni”, “Maʼnaviyat dargʻalari”, “Chirogʻi yoniq uy” kabi bir qancha teleloyihalari tomoshabinlar eʼtiborini qozondi. Shuningdek, “Chaqmoq xoʻrsiniqlari”, “Muhabbat asri”, “Men izlagan kema”, “Oʻn yetti yoshlilar mamlakati”, “Suvaydoga yoʻl”, “Ishq handasasi” kabi sheʼriy toʻplamlari nashr qilingan.

    “Matbuot va tasavvuf”, “Ezgulikning badiiy inʼikosi”, “Milliy tafakkur poetikasi qirralari” kabi risolalari, “Tasavvuf adabiyotining oʻzbek matbuotida yoritilish masalalari”, “Tasavvuf adabiyoti va Farididdin Attor ijodi” nomli 2 ta monografiyasi, “Tabiiy fanlarning zamonaviy konsepsiyasi” nomli darsligi va “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” nomli oʻquv qoʻllanmasi chop qilingan.