Ishtixon tuman hokimi Shuhrat Negmatov yoshlar bilan uchrashib, ularni qiziqtirgan masalalar, qiynayotgan muammolarni oʻrgandi. Tuman yoshlari tadbirkorlikka ishtiyoqi balandligi, hunarmandchilikka qiziqishi bilan ajralib turadi. Uchrashuvda, birgina “Kattaqangʻli” mahallasidan 22 ta fuqaro qatnashib, yoshlarining 35 ta murojaati boʻyicha 33 ta masalasi qanoatlantirildi.

Jumladan, M.Zokirovaga uch nafar shogird tayyorlash evaziga uchta tikish mashinasi, A.Toʻychiyevaga ayollar sartaroshxonasi va tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun 30 million soʻm kredit mablagʻi ajratildi. E.Davirovga bepul “svarka” apparati va 30 million soʻm imtiyozli, Gʻ.Abduhakimovga 100 million soʻm tijorat krediti berildi. Shuningdek, M.Islomovga mahalla binosi yonidan yengil konstruksiyali koʻchma “paynet” doʻkoni qoʻrishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, nonvoyxona ochish istagida boʻlgan yosh tadbirkorga homiy tomonidan moddiy koʻmak berildi. Va hakozalar... Bu hokimining birgina uchrashuvda, bir mahalla misolida hal etilgan masalalarning bir qismigina xolos. Aslida, roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Taʼkidlash joizki, ushbu uchrashuvni tashkil etishdan maqsad, Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosatini tadbiq etishda ogʻishmay yondashish, yoshlarning uzoq yillar orzu qilgan gʻoyalarini amalga oshirishda ularga yelkadosh boʻlish, shu orqali daromad topish, oilalarda toʻkinchilik boʻlishi, yaxshi yashashi uchun sharoit yaratib berishdir.