Unda joriy yil 6-noyabrda Oliy Majlis palatalarining qoʻshma yigʻilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan kelgusi besh yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Majlisda taʼkidlanganidek, Yangi Oʻzbekiston – tarixiy taraqqiyotning yana bir yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Mamlakatimizda erkin va demokratik, ochiq va oshkora, sogʻlom raqobat va siyosiy kurash muhiti, xolis va haqqoniy, toʻliq adolat tamoyillari asosida oʻtgan saylovlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi Oʻzbekistonni barpo etish hamda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk maqsad yoʻlida butun xalqimizni jipslashtira olganligini yaqqol namoyon etdi.
Prezidentlik lavozimiga kirishishga bagʻishlangan tantanali marosimda davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, butun kuch va salohiyatimiz yagona ulugʻ maqsad – Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratiladi. Asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini soʻzsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarish bundan buyon ham bosh mezon boʻlib qoladi. Islohotlar jarayonida parlamentning oʻrni va roli yanada ortib boradi.
Senatorlar Prezidentimiz taklif etgan “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida ish olib borilishi, har bir xonadon va mahallada, butun yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish, jahon hamjamiyati bilan doʻstlik va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan strategik yoʻlni yanada izchil davom ettirilishiga poydevor boʻlishiga urgʻu berdilar.
Shuningdek, majlisda davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan kelgusida yettita yoʻnalishda olib boriladigan ustuvor vazifalar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Bu yoʻnalishlarning barchasi mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchlik-osoyishtaligi, xalqimiz farovonligini taʼminlashga asos boʻlishi eʼtirof etildi.
Majlisda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, “Yangi Oʻzbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” gʻoyasini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratish, kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga oʻtkazilishi, xalq deputatlari mahalliy kengashlari hamda hokimlar vakolatlarini aniq belgilashga oid qonuniy asoslar yaratilishi haqida ham soʻz yuritildi.
Bundan tashqari, sifatli taʼlim-tarbiya masalasi davlatning doimiy eʼtibor markazida boʻlishi, yoshlarning qobiliyat va isteʼdodlarini roʻyobga chiqarish, Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish kabi qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Majlis davomida ishtirokchilar tomonidan davlat rahbari nutqida qayd etilgan dolzarb masalalar yuzasidan munosabat bildirildi.
Majlis soʻngida mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari tomonidan davlat rahbari belgilab bergan muhim vazifalardan kelib chiqqan holda istiqbolli rejalar ishlab chiqilishi hamda amaliyotga tatbiq etilishida parlament va ijro hokimiyatining yaqin hamkorligi yoʻlga qoʻyilishi belgilab olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.