Joriy yilning 16-aprel kuni «Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida"gi Farmon qabul qilinib, davlat organlari bilan jamoatchilik oʻrtasidagi bogʻliqlik borasidagi aloqalar yana-da mustahkamlanishiga zamin yaratildi.

Ushbu Farmonda belgilangan asosiy vazifa mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalariga oid, shuningdek, jamoatchilikni qiziqtiradigan, ularda alohida qiziqish uygʻotadigan muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik fikrini oʻrganishdir.

Shuningdek, farmonda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining imkoniyatlaridan keng va toʻlaqonli foydalanish, nodavlat notijorat tashkilotlarning oʻzaro hamkorlikni rivojlantirilishiga yordam koʻrsatish omillari belgilab berildi.

Farmonning asosiy jihati — bu Jamoatchilik palatasining tashkil etilishidir. Palataning asosiy maqsadi, davlat organlari, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining tizimli muloqotini yoʻlga qoʻyish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishdir.

Farmon bilan Prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyati tugatiladi , ”Mening fikrim” veb-portali esa Jamoatchilik palatasi tasarrufiga oʻtkaziladi. Bunday oʻzgarish esa fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga hamda davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga, aholi fikrini tizimli oʻrganish, umumlashtirish va tahlil qilishga, joylarda, sohalarda mavjud dolzarb masalalarni muhokama qilishga, mavjud muammolarning yechimi boʻyicha takliflar berib borishga, islohotlar va davlat dasturlarining joylarda amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratining samarali tashkil etishga imkoniyat yaratadi.

Buning zaminida davlat organlari faoliyatida ham, Nodavlat va notijorat tashkilotlari faoliyatida ham shaffoflik va ochiqlikka erishiladi, shuningdek, davlat organlarining oʻz vazifalarini bajarishda masʼuliyat bilan yondashishlariga turtki boʻladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Jamoatchilik palatasining tashkil etilishi fuqarolarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi demokratik oʻzgarishlarga, olib borilayotgan islohotlarga boʻlgan ishonchi yana-da ortadi.

Mohira Xojayeva,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari

masalalari qoʻmitasining aʼzosi,

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzosi.