Har qanday islohotlar, shu jumladan, xalq ta'limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanishini joriy etish yuzasidan boshlangan sa'yi-harakatlar ilmiy tomondan asoslanishi lozim. Shuning uchun ham institutimiz ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida qayta tashkil etildi va bugungi kunda 26 ta ilmiy yo'nalishlarda izlanishlar olib bormoqda. Mazkur tadqiqotlar natijalarining joriy etilishi ham institut tomonidan bajarilayotgan amaliy loyihalarda o'z aksini topmoqda.
Jumladan, Uzluksiz kasbiy rivojlantirish–2022 loyihasi doirasida umumta'lim maktablarining o'quv-tarbiya va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosarlari, shuningdek, 22 ta fan o'qituvchilari, maktab amaliyotchi psixologlari uchun malaka oshirish kurslarining o'quv reja va dasturlari ishlab chiqildi.
Maktab o'qituvchilari va o'quvchilarni PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etishga tayyorlash bo'yicha amalga oshirilgan “Stesting” loyihasi doirasida Stesting.uz trenajyor platformasi ishga tushirildi. Platformaga 1500 tadan ortiq topshiriqlar va 103 ta videokurslar joylashtirildi.
2021 - yil davomida institut ilmiy xodimlari va doktorantlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlarining natijalari bo'yicha 117 ta maqola xorijiy va respublika ilmiy jurnallarida e'lon qilindi.
TALIS tadqiqotlari so'rovnomasi asosida 12446 nafar respondent ishtirokida o'rganishlar o'tkazildi. Tadqiqot natijalari Singapur, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Finlyandiya, Rossiya, Latviya, Niderlandiya, AQSH kabi mamlakatlar natijalari bilan qiyosiy tahlil qilindi hamda tadqiqotning
hisoboti chop etildi.
Institut oldiga qo'yilgan vazifalar ichida “Xalq ta'limi: muammolar, izlanishlar, echimlar” ilmiy-uslubiy jurnali faoliyatini yo'lga qo'yish belgilangan bo'lib, ushbu vazifa ijrosi yuzasidan institutda amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqotlarning natijalarini o'zida aks ettiruvchi maqolalarni jamlagan jurnalning 1-soni nashr etildi.
“Ta'limda menejment” ixtisosligi bo'yicha 10 nafar tayanch doktorant qabul qilindi. Shuningdek, Xalq ta'limi tizimida ilk bor “Kattalar ta'limi” va “Ta'lim menejmenti” mutaxassisliklari bo'yicha magistratura tashkil etilib, 30 nafar magistr qabul qilindi.
Institut qoshida faoliyat ko'rsatayotgan ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashda yil davomida 6 nafar tadqiqotchining doktorlik dissertatsiyasi (PhD) himoyasi o'tkazildi.
Xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik
Xalq ta'limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish orqali maktablarimizdagi ta'lim sifatini oshirishda xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan samarali hamkorlikning o'rnatilganligi ham o'zining ijobiy natijalarini bermoqda.
Jumladan, Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda olib borilayotgan rus-tilini o'qitish sifatini oshirishga qaratilgan “ZO'R!” (“KLASS!”) loyihasi doirasida 225 nafar rossiyalik mutaxassislar 14 ta hududdagi markaz va 185 ta maktabda faoliyat yuritib, 3674 nafar rus tili fani o'qituvchisini hamda 751 nafar o'quvchini maxsus yaratilgan dasturlar asosida o'qitdi.
Buyuk Britaniyaning British Council tashkiloti bilan olib borilgan “Future English in Uzbekistan” loyihasi doirasida esa 3000 nafar ingliz tili o'qituvchisi malakasi oshirildi.
Amerika qo'shma shtatlarining Shimoliy Djorjiya universtiteti bilan maktab direktorlarining liderlik kompetentsiyalarini oshirish va STEAM fanlarini maktabga joriy etishga qaratilgan “Maktabda liderlik va STEAM” loyihasi doirasida 25 nafar maktab direktorining malakasi oshirildi va ushbu kurs asosida 16 ta videokontentlar yaratilib, platformaga joylandi.
Institut 2021- yil davomida umumiy 22 ta tashkilot bilan hamkorlik o'rnatdi. Shundan 20 tasi xalqaro tashkilotlar va 2 ta mahalliy tashkilotlar.
UNICEF, UNESCO, USAID, Janubiy Koreyaning KEDI, KECI, KAIST institutlari, Malayziyaning Aminuddin Baki nomidagi malaka oshirish instituti, AQSHning Georgia, Pittsburg universitetlari, Rossiyaning RAO, RISI tashkilotlari, Yaponiya JICA tashkilotlari bilan hamkorlik loyihalarini amalga oshirish yo'lga qo'yildi.
AQSHning USAID tashkiloti tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan hamda RTI tashkiloti tomonidan olib borilayotgan “O'zbekiston barkamollik uchun ta'lim dasturi” doirasida Namangan va Sirdaryo viloyatlarida 800 nafar ingliz tili, 316 nafar informatika fani o'qituvchilarining malakasi oshirildi.
UNICEF bilan hamkorlikda “O'qituvchining kasbiy standarti ishlab” chiqildi hamda uning asosida “Uzluksiz kasbiy ta'lim” elektron platformasi orqali 77 997 nafar boshlang'ich sinf o'qituvchilarining malakasi oshirilmoqda. Shulardan 43 337 nafari kurslarni muvaffaqiyatli tugatib sertifikatga ega bo'ldilar. Aytish joizki, pedagog xodimning kasbiy standarti respublikamizda ilk bor ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Xulosa o'rnida
Yuqorida xalq ta'limi muammolarini o'rganish bo'yicha ilmiy-tadqiqotlar va Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish bo'yicha institutimiz tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli faoliyatning dastlabki natijalari haqida to'xtaldik. Oldimizda hali mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash bo'yicha amalga oshiriladigan ishlar bisyor. Institutimiz jamoasi mamlakatimiz xalq ta'limi sohasini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishga yo'naltirilgan harakatlarni davom ettiradi. Zero, bugun xalq ta'limi xodimlarini kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish orqali maktablarimizdagi ta'lim sifatini zamon talablari darajasiga olib chiqish umummilliy harakatga aylanmoqda. Bu esa bizdan fidoyilik, hamjihatlik, tashabbuskorlik va yanada samaraliroq ishlashni taqozo etadi.
Ayubxon RADJIEV,
Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta'limi muammolarini o'rganish
va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot
instituti rahbari