"Islom entsiklopediyasi"ning birinchi jildi nashr etildi

    Toshkentda "Islom entsiklopediyasi" birinchi jildining taqdimoti bo'lib o'tdi

    Din ishlari boʻyicha qoʻmita maʼlumotiga koʻra, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida onlayn shaklda oʻtkazilgan tadbirda professor-oʻqituvchilar, islomshunos olimlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

    Onlayn-anjumanda keng qamrovli va koʻp jildli “Islom ensiklopediyasi” birinchi tomining yaratilish jarayoni haqida toʻliq maʼlumot berildi. Qator olimlar tomonidan bu borada fikr-mulohazalar bildirildi.

    Tadbirda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Komilov, mazkur ensiklopediyaning mazmun-mohiyati xususida toʻxtaldi.

    – “Islom ensiklopediyasi” reja boʻyicha 20 jilddan iborat boʻladi, – deydi M.Komilov. – Ensiklopediyada 60 mingdan ziyod maqola oʻrin olishi kutilmoqda. Keng qamrovli, akademik nashrda dinimiz ravnaqiga hissa qoʻshgan buyuk shaxslarning ilmiy faoliyati, islom dini asoslari, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, sahoba va tobeinlar, muhaddis, faqih, mufassirlar haqida 1000 ga yaqin maqola, atama va soʻz birikmalari, bezak materiallari, xarita hamda chizmalar oʻrin olgan. Ayrim shaxslar, voqealar, atamalar ilk marta ilmiy muomalaga kiritildi. Avval tayyorlangan kitoblardan farqli ravishda yangi manbalar bilan boyitilgan.

    Darhaqiqat, ensiklopediya oʻzining mazmun-mohiyati va xususiyatlaridan kelib chiqib, ilgari chop etilgan arab, turk, urdu, fors, ingliz, nemis va fransuz tillaridagi Islom ensiklopediyalaridan tubdan farq qiladi. Kitobni tayyorlashda yurtimiz va mintaqa musulmonlari uchun anʼanaviy boʻlgan xanafiy-moturidiylik tamoyillaridan kelib chiqib yondashilgan. Maqolalar yozilishida ilmiylik va xolislik mezonlariga amal qilingan. Maqolalarning aksariyat qismi birlamchi manbalar – Qurʼon, tafsir, Hadis, ilmiy-maʼrifiy tadqiqotlarga asoslangan.

    Nashr ishlarida yurtimiz va xorijlik islomshunoslar, dinshunos, filolog, manbashunos va boshqa soha vakillaridan iborat 200 nafardan ortiq muallif, 50 nafarga yaqin taqrizchi va maslahatchi ishtirok etdi. Ayni paytda “Islom ensiklopediyasi”ning navbatdagi jildlari boʻyicha ishlar davom etmoqda.