Suhbat avvalida keyingi yillarda Oʻzbekiston va ushbu nufuzli xalqaro tuzilma oʻrtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgani alohida qayd etildi.
Muloqot chogʻida ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati xamda ularni barcha yoʻnalishlarda yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Xususan, tomonlar taʼlim, fan, innovatsiyalar, madaniyat va iqlim oʻzgarishi masalalarida Tashkilotning doimiy qoʻmitalari hamda yordamchi tuzilmalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashdilar.
Husayn Ibrohim Toha “Xiva – 2024-yilda Islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga tayyorgarlik jarayonlarini yuqori baholab, bu, oʻz navbatida, Islom olami, uning maʼnaviyati va madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan Oʻzbekistondan yetishib chiqqan buyuk olimlarning ilmiy merosini yanada keng targʻib etishga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.
Uchrashuvda poytaxtimizda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Tashkilotning Istanbuldagi Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga hamda boshqa yoʻnalishlarda aloqalarni mustahkamlashga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.