Oʻzbekistonning U-17 yoshlar terma jamoasi Osiyo chempioni sifatida jahon chempionatiga yoʻl olmoqda. Jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilov fikricha, ular jahon sahnasida ham munosib ishtirok etishga tayyor.
FIFA U-17 jahon chempionati joriy yilning 3–27-noyabr kunlari Qatarda boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston jamoasi musobaqaga Osiyo chempioni sifatida yetib kelmoqda.
Ikki yil avval Oʻzbekistonning 17 yoshlilar terma jamoasi Indoneziyada oʻtgan musobaqada chorak finalgacha yetib borib, butun dunyo eʼtiborini qozongan edi. Oʻshanda jamoa pley-off bosqichida Angliyani magʻlub etgan, keyinchalik musobaqa finaliga chiqqan Fransiyaga minimal hisobda yutqazgandi.
Bu yilgi chempionat oldidan ham katta umidlar bogʻlanmoqda. Oʻzbekiston jamoasi shu yil aprel oyida Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida magʻlub etib, Osiyo chempioni boʻldi.
Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi jahon chempionatidagi ilk oʻyinini 5-noyabr kuni Paragvayga qarshi oʻtkazadi. Shuningdek, jamoa Irlandiya Respublikasi va Panama bilan ham J guruhida bahs olib boradi.
Musobaqa oldidan bosh murabbiy Islombek Ismoilov Qatardagi maqsadlar, jamoa tayyorgarligi va yosh futbolchilar uchun bu musobaqaning ahamiyati haqida soʻzlab berdi.
— Oʻzbekiston jahon chempionatiga Osiyo chempioni sifatida yoʻl olmoqda. Bu gʻalaba jamoangizga qay darajada ishonch berdi va Qatardagi asosiy maqsadingiz nima?
— U-17 Osiyo chempionligini qoʻlga kiritish — biz uchun katta sharaf. Biroq bu bilan birga masʼuliyat ham ortdi. Bu gʻalaba futbolchilarimizga katta ishonch bagʻishladi, biz esa tayyorgarlikni yanada kuchaytirdik. Jahon chempionatidagi asosiy maqsadimiz — Oʻzbekiston futboli tarixida yangi sahifa ochish, jamoaviy oʻyin, intizom va iroda orqali salohiyatimizni namoyon etish.
— Oʻzbekiston 2023-yilda chorak finalgacha yetgandi. Oʻsha tajribadan nimalar oʻrgandingiz?
— Oʻtgan safar jamoani boshqargan murabbiy Jamoliddin Rahmatullayev bilan koʻp suhbatlar oʻtkazdim. Ular qilgan xatolar va qay jihatlarga koʻproq eʼtibor berganini oʻrgandim. Biz xulosani faqat oʻsha musobaqadan emas, har bir oʻyindan chiqardik. Asosiy saboq — bosim ostida toʻgʻri qaror qabul qilish va oʻyin nazoratini saqlash edi. Shu jihatlarga tayyorgarlik jarayonida alohida eʼtibor berdik. Har bir futbolchi nafaqat texnik, balki ruhiy jihatdan ham tayyorlandi. Endilikda biz kuch bilan birga aql bilan ham oʻynaydigan jamoamiz.
— Osiyo musobaqalari bilan jahon chempionati oʻrtasida taktik jihatdan qanday farq bor?
— Asosiy farq — oʻyin surʼati va qaror qabul qilish tezligida. Yevropalik, afrikalik yoki janubiy amerikalik jamoalarga qarshi oʻynaganda, harakat va fikr uchun vaqt juda oz boʻladi — raqiblar bosimni ancha yuqori surʼatda amalga oshiradi.
Shuning uchun mashgʻulotlarda tez qaror qabul qilish va maydonni his etish qobiliyatini oshirishga alohida eʼtibor berdik. Shu bilan birga, oʻyin uslubimizni yanada dinamik va faol qildik — hujumda agressiv pressingga urgʻu bermoqdamiz.
— Jahon chempionati oldidan tayyorgarlik qanday kechmoqda?
— Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tayyorgarlik jarayonini juda yaxshi tashkil qildi. Bir nechta xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvlarida turli taktik yondashuvlarni sinab koʻrdik. Guruhdagi raqiblar — Paragvay, Irlandiya va Panama jamoalarini chuqur tahlil qildik, ularning kuchli va zaif jihatlarini oʻrgandik. Shu asosda har bir raqib uchun alohida oʻyin modeli ishlab chiqdik. Endi biz bir uslubga bogʻlanib qolmagan, raqibga moslasha oladigan va oʻz oʻyinini oʻtkaza biladigan jamoamiz.
— Yosh futbolchilar uchun bu musobaqa katta sinov. Ularning ruhiy va jismoniy tayyorgarligi qay darajada?
— Bu yoshdagi futbolchilar katta musobaqalarda bosimni kuchli his qiladi. Shuning uchun biz ularga bosimga dosh berishni oʻrgatmoqdamiz. Jismoniy tayyorgarlik bilan birga har kuni psixologik mashgʻulotlar va jamoaviy suhbatlar oʻtkazamiz. Bu ularga oʻyin paytida salohiyatini toʻliq namoyon etishga yordam beradi. Shuningdek, tezlik va barqaror tempni saqlab turish uchun maxsus jismoniy dastur ishlab chiqilgan.
— Nihoyat, Oʻzbekiston muxlislariga va yosh futbolchilarga nima degingiz keladi?
— Sizning ishonchingiz bilan biz Osiyo chempioni boʻldik, endi duolaringiz bilan jahon chempionatiga ketyapmiz. Ruhan va maʼnan bizga tayanch boʻling, ishonchingizni yoʻqotmang. Barcha yosh futbolchilarga aytaman: imkoniyat berilsa, uni qadrlang va mehnat bilan asrang. Chunki iqtidor yoʻlni ochadi, ammo mehnat sizni maqsadga yetkazadi. Biz jahon chempionatiga faqat gʻalaba uchun emas, balki Oʻzbekiston nomini sharaf bilan himoya qilish uchun ketyapmiz.








