Islom moliyasi sohasida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha Oʻzbekiston-Malayziya hamkorligini yoʻlga qoʻyiladi

    Ta'lim 21 Iyul 2022 2107

    Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmonov “INCEIF” xalqaro islom moliyasi universiteti prezidenti va bosh direktori Azmi Omar bilan uchrashdi.

    Islom moliyasi boʻyicha xalqaro taʼlim markazi (International Centre for Education in Islamic Finance – INCEIF) 2005-yilda Malayziya Markaziy banki tomonidan islomiy moliya boʻyicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.

    Uchrashuvda Malayziya tomoniga Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlidagi asosiy yutuqlar, islom moliyasi xizmatlari sohasini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, islom sugʻurtasi vositalari va mahsulotlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Azmi Omar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholab, islom moliyaviy xizmatlari sohasi xalqaro darajada rivojlanib borayotgan bir sharoitda Oʻzbekistonda ham islom moliyani joriy etish va rivojlantirishning muhimligini taʼkidladi.

    Uning aytishicha, “INCEIF” universiteti islomiy moliya sohasida etakchi oliy taʼlim muassasasi boʻlib, mukammal oʻqitish tizimi hamda tadqiqot va fikr yuritish boʻyicha yetuklikni taʼminlashi bilan ajralib turadi. Bu yutuqlar ushbu muassasadagi oʻquv jarayoni bevosita amaliyotdagi tajriba bilan bogʻliqligi orqali izohlanishi mumkin. Xususan, universitetning oʻquv dasturi Islom moliya akademiyasida ham, sohada ham hurmatga sazovor boʻlgan islom moliyasi vakillari va mutaxassislari ishtirokida shakllantiriladi.

    Bugungi kunga qadar “INCEIF” universitetini dunyoning 90 dan ortiq davlatidan 2 mingga yaqin bitiruvchi tamomlagan. Hozirda universitetda 14 nafar oʻzbekistonlik talaba taʼlim olyapti. Ulardan 4 nafari Malayziyada, 10 nafari esa onlayn shaklda tahsil oladi.

    Azmi Omar “INCEIF”ning Oʻzbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikdan mamnun ekanini, shu bilan birga Bank-moliya akademiyasi (BMA) bilan islom moliyasi sohasida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha hamkorlik aloqalarini oʻrnatilishdan manfaatdorligini qayd etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.