Kichik va oʻrta tadbirkorlikni moliyalashtirishda qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratish, taklif etilayotgan moliyaviy xizmat turlarini kengaytirish, shuningdek, islomiy moliyalashtirish salohiyatini oshirish orqali kichik va oʻrta tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:
- Oʻzbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki oʻrtasida 2024-yil 18-aprelda “Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasini moliyalashtirish uchun 3-yillik imtiyozli davr bilan 10-yil muddatga jami 30 mln AQSH dollari mikdorida hadli va agentlik toʻgʻrisidagi kelishuvlar imzolangani;
- Oʻzbekiston Respublikasi va ITB (Rivojlanish uchun islom birdamlik jamgʻarmasi nomidan) oʻrtasida 2024-yil 18-aprelda loyihani moliyalashtirish uchun 3-yillik imtiyozli davr bilan 10-yil muddatga jami 10 million dollar mikdorida qarz bitimi imzolangani;
- loyiha doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hissasi soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish koʻrinishida 0,3 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni tashkil etayotgani;
- loyihani amalga oshirish uchun loyihaoldi baholash hujjatlari ITB tomonidan maʼqullangani maʼlumot uchun qabul qilindi.
Belgilanishicha:
- Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
- ITB ning 30 mln dollar miqdoridagi mablagʻlari loyihada ishtirok etayotgan “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga va 7,5 mln dollar miqdoridagi mablagʻlari “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga resurs sifatida taqdim etiladi;
- ITB qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq (ustama) va foizlar xarajatlari ishtirok etuvchi tijorat banki, kompaniya hamda Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan amalga oshiriladi;
- Loyiha 2025−2027-yillar davomida amalga oshiriladi;
- Loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etiladi;
- Loyihani amalga oshirish davrida LAOG faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha yillik xarajatlar smetasi hamda shtatlar jadvali Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.