Joriy yilning 16-fevral kuni Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtayotgan «Rivojlanayotgan mamlakatlar muloqoti» konferensiyasi doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al Jasser hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Maʼlumot uchun: Islom taraqqiyot banki 1975-yilda tashkil etilgan xalqaro moliyaviy institut boʻlib, uning bosh ofisi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Bankning asosiy maqsadi islomiy moliyaviy tamoyillar asosida aʼzo davlatlarning iqtisodiy taraqqiyotini qoʻllab-quvvatlash va ularning farovonligini oshirishdan iborat.
Uchrashuvda Islom taraqqiyoti banki ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi ishlab chiqilayotgan ustuvor loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish, ularning joriy holati, qilinishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar boʻyicha atroflicha fikr almashildi.
Muloqot davomida tomonlar Oʻzbekistonda transport infratuzilmasi va taʼlimni rivojlantirish, jumladan, yoʻl infratuzilmasi hamda taʼlim sohasida zamonaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, uchrashuv doirasida yuqoridagi yoʻnalishlar yuzasidan qarz, agentlik hamda grant bitimlari imzolandi:
- Islom taraqqiyot banki ishtirokida Oʻzbekiston hududidan oʻtuvchi yoʻllarni rekonstruksiya qilish: loyiha doirasida Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani, Mirzaobod tumani va Sardoba tumanidagi umumiy 37 km avtomobil yoʻllari rekonstruksiya qilinadi.
- “Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirish: loyiha doirasida respublika boʻyicha jami 58 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablar inklyuziv taʼlim talablariga koʻra quriladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldi.