Islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasi Senatga yuborildi

    Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilib Senatga yuborildi.

    Taʼkidlanishicha, ushbu qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

    Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan islomiy bank va moliya operatsiyalariga oid huquqiy normalar loyihada aks ettirilganligi maʼqullandi. Shuningdek, moliya standartlari hamda investitsiyaviy depozitlarga oid normalar boʻyicha avval bildirilgan takliflar inobatga olinganligi xalq vakillari eʼtiborida boʻldi.

    Loyihada islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olish boʻyicha talablar aniq belgilanayotganligi, islomiy moliya operatsiyalariga oid tushunchalar ochib berilayotganligi hamda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga islomiy moliya standartlari asosida mijozlarni moliyalashtirish uchun savdo faoliyatini amalga oshirishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish va yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni yoki aksiyalarni olishga ruxsat berilishi nazarda tutilganligi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

    Shuningdek, deputatlar qonun loyihasi bilan islomiy moliya operatsiyalariga soliq solish boʻyicha tegishli tartibning joriy qilinayotgani moliyalashtirishga oid xizmatlar koʻlamining oshishiga katta turtki berishini taʼkidlashdi.

    Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda islomiy bank xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etishga, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.