Suhbat chog'ida O'zbekiston va Germaniyaning afg'on inqirozini tinch yo'l bilan hal etish, shuningdek, ushbu mamlakatga gumanitar yordam ko'rsatish borasidagi sa'y-harakatlar muhokama qilindi.
Germaniya tomoni O'zbekistonning Afg'onistondan nemis fuqarolarini evakuatsiya qilish borasida ko'rsatgan yordamiga yuksak baho berib, Afg'onistonda tinchlik va barqarorlik o'rnatish masalasida O'zbekiston bilan hamkorlikni yanada jadallashtirishga tayyorligini bildirdi.
Yuqori martabali diplomat O'zbekiston tomonindan Afg'onistonga gumanitar yordam ko'rsatish uchun Termiz shahrida BMT shafeligida ko'p funksiyali transport-logistika markazini tashkil etish borasida ilgari surilgan tashabbusning muhimligi va dolzarbligini alohida ta'kidladi.
Shuningdek, Afg'onistondagi mavjud vaziyat, xalqaro hamjamiyatning yangi hukumatga nisbatan umumiy pozitsiyasini ishlab chiqish va ushbu davlatda gumanitar inqirozni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi
O'zbekiston va Germaniyaning afg'on mavzusi bo'yicha ikki tomonlama maslahatlashuvlarni davom ettirishdan birday manfaatdor ekani ta'kidlandi.