Ismatulla Irgashev Xitoy Tashqi ishlar vazirligining Afgʻoniston boʻyicha vakili bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 22 Noyabr 2022 1864

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Yuye Syaoyun bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining Afgʻoniston inqirozini tinch yoʻl bilan tartibga solish, mamlakatga tez orada gumanitar va boshqa turdagi yordam koʻrsatish boʻyicha saʼy-harakatlari yuzasidan fikr almashinildi.

    XXR TIV vakili Oʻzbekiston Rahbariyatining Oʻzbekiston-Xitoy muloqotini, shu jumladan Afgʻoniston yoʻnalishidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish siyosatini yuqori baholadi.

    Tomonlar qayd etganidek, Afgʻonistondagi keskin ijtimoiy-gumanitar inqirozni bartaraf etish, bu yerda mustahkam tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishga koʻmaklashish faqat ushbu davlat yangi hukumatiga nisbatan jahon hamjamiyatining mushtarak yondashuvlarini ishlab chiqish asosidagina amalga oshirilishi mumkin.

    Shuningdek, Afgʻoniston hududida energetika va transport-logistika sohasida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muhimligi ham taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston va XXR maxsus vakillar darajasida Afgʻoniston masalasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.