El Pais mahalliy hokimiyat ma'lumotlariga tayanib, Valensiya avtonom jamiyatida 92 kishi, Kastiliya-La-Mancha avtonomiyasida 2 kishi va Malaga viloyatida 1 kishi halok bo'lganini yozdi. Hududiy siyosat vaziri Anxel Viktor Torres 31-oktabrdan 2 noyabrgacha qurbonlar uchun uch kunlik motam e'lon qildi.
El Pais nashriga ko'ra, o'nlab valensiyaliklar 30-oktabrga o'tar kechasi avtomashinalarda va suv bosgan binolarning tomlarida jon saqlashdi. Jabrlanganlar va bedarak yo'qolganlarning aniq soni noma'lum.
El Mundo nashrining yozishicha, Valensiyada suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishda 1116 nafar qutqaruvchi, 344 ta texnika, jumladan vertolyot va samolyotlar, 200 nafar harbiy va 750 nafar gvardiyachi, shuningdek, yuzga yaqin politsiyachi qatnashmoqda.
Ispaniyadagi suv toshqiniga 29 oktabr kuni mamlakatning sharqiy va janubiy qismlarida yoqqan kuchli yomg'ir sabab bo'lgani aytilmoqda. Suv toshqinlari temir yo'l va avtomobil` yo'llarini vayron qildi, Madrid va Valensiya o'rtasidagi temir yo'l aloqalarini uzdi. Elektr ta'minotidagi uzilishlar viloyatning 115 mingga yaqin aholisiga ta'sir etdi, deb xabar beradi kommersant.ru.