Ispaniyadan COVID-19ning soʻnggi shtammlariga taʼsir qiluvchi Pfizer vaksinasi olib kelindi

    Kuni kecha Ispaniya tomonidan taqdim qilingan 800 640 doza Pfizer (TRIS, RTU original) vaksinasi Oʻzbekistonga yetkazildi va aeroportda mamlakatimiz masʼullariga topshirildi.

    Natijada mart oyida yurtimizga olib kelingan koronavirusga qarshi vaksinalar miqdori 2 960 640 dozani tashkil qildi. Ushbu Pfizer vaksinalari Shvetsiya, Italiya, Chexiya, Xorvatiya, Ispaniya tomonidan taqdim qilindi.

    — Pfizer (TRIS, RTU original)ning boshqa turdagi vaksinalardan, shuningdek, ushbu Pfizerning avvalgi versiyalaridan farqi shuki, yangi partiya vaksinalari virusning eng soʻnggi shtammlariga taʼsir qilish imkoniyati yuqori, — deydi Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunova. — Ushbu vaksinalar yurtimizga COVAX dasturi doirasida yetkazib berilmoqda.

    Oʻzbekistonga taqdim qilingan vaksinalarning mamlakatlar kesimidagi taqsimoti quyidagicha:

    Shvetsiyadan - 722 880 doza;
    Italiyadan - 702 720 doza;
    Ispaniyadan - 800 640 doza;
    Chexiyadan - 446 400 doza;
    Xorvatiyadan - 288 000 doza vaksina keltirilgan.

    Maʼlumot uchun, uch kundan keyin mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tadbirlari boshlanganiga 2 yil toʻladi.