Ispaniyaning “Iberojet” aviakompaniyasining ilk yoʻlovchilari Toshkentda kutib olindi

    “Iberojet” aviakompaniyasi Ispaniyaning turli mintaqalaridan Toshkent va Urganchga charter yoʻlovchi reyslarini yoʻlga qoʻydi.

    2-sentyabr soat 04:52da Ispaniya aviatashuvchisining samolyoti ilk bor Toshkent aeroportiga qoʻndi. EVE-875 reysi Saragosadan Oʻzbekiston poytaxtiga 381 nafar yoʻlovchini olib keldi. Samolyot va birinchi yoʻlovchilar Toshkent aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.

    Madriddan Toshkentga birinchi charter reysi 4-sentyabrga, Madriddan Urganchga esa 8-sentyabrga belgilangan. Parvozlar har ikki haftada Airbus A330 samolyotlarida amalga oshiriladi, deb xabar beradi Uzbekistan Airports.

    “Iberojet” — bosh qarorgohi Madridda joylashgan charter yoʻlovchi reyslariga ixtisoslashgan Ispaniya aviakompaniyasi.