Isroil harbiylari G'azo janubida gumanitar yordam olib ketayotgan karvonga zarba berdi

    Isroil harbiylari G'azo sektori janubida gumanitar yordam olib ketayotgan karvon tarkibida harakatlanayotgan avtomobilga havo hujumi uyushtirdi.

    Bu haqda Al Jazeera telekanali xabar berdi.

    Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko'ra, Rafahdagi shifoxonaga dori-darmon va yoqilg'i olib ketayotgan karvonga uyushtirilgan hujumda besh kishi halok bo'ldi. Yordamni AQShda joylashgan Anera xayriya tashkiloti tashkil qilgan.

    Isroil mudofaa kuchlarining (SAXAL) ta'kidlashicha, jangarilar karvon boshida ketayotgan avtomobilni nazorat ostiga olishga uringan, SAXAL transport vositasiga zarba berib, gumanitar karvonning olib qochilishi xavfini bartaraf etgan. Armiya matbuot xizmatiga ko'ra, Anera va xavfsizlik kuchlari tomonidan qurbonlar yo'q.

    Aneraning Falastindagi vakili Sandra Rashid hujumni “dahshatga soluvchi” deb atadi. U harbiylarning karvonni egallab olishga urinish haqidagi versiyasini rad etib, Anera bilan hamkorlik qilgan transport kompaniyasidan bir necha kishi halok bo'lganini qo'shimcha qildi, deb xabar beradi tass.ru.

    Karvonga havo hujumi, Al Jazeera ta'kidlaganidek, isroillik askarlarning BMT Jahon oziq-ovqat dasturi mashinasiga o't ochganidan bir kun o'tib amalga oshirildi.