Isroil Madrimov Kroufordga qarshi jangda ochkolar bo'yicha mag'lub bo'ldi

    Sport 4 Avgust 2024 380

    AQSHning Los-Anjeles shahrida super yarim o'rta vazn toifasida WBA yo'nalishi chempioni Isroil Madrimov va amerikalik Terens Krouford to'qnash keldi.

    Ushbu bahsda o'zbekistonlik 29 yoshli bokschi o'ziga tegishli WBA kamarini himoya qilishi lozim edi, o'rtaga WBO Interim kamari ham qo'yilgandi.

    Jang oldidan Terens Krouford «Pound-for-pound» reytingi etakchisi hisoblanardi. U prof boksda jami 40ta jangida 40ta g'alabaga erishgan edi. Engilmas Krouford taxallusini olgan charm qo'lqop ustasi mutlaq jahon chempioni, WBC va WBA kamarlari egasi sanalardi.

    Isroil Madrimov esa super yarim o'rta vazn toifasida WBA kamari sohibi sanalib, professional boksdagi 10ta jangidan 9tasida g'alabaga erishgan, faqat bitta jangda durang qayd etgan. 7ta jangni nokaut bilan yakunlagan.

    Jangning dastlabki 5ta raundidan keyin mustaqil tahlilchilar Isroilning ochkolar bo'yicha 3:2 hisobidagi ustunligini qayd etgan bo'lsa, 6-raunddan boshlab Krouford raundlarni o'z foydasiga hal qila boshladi. SHunga qaramay, Madrimov 12 raund davomida raqibi bilan tengma-teng jang olib borib, bir qator aniq va kuchli zarbalar yo'lladi. Ammo hakamlar qaroriga ko'ra, ustunlik mezbon bokschiga berildi va u ochkolar bo'yicha g'alaba qozondi.

    Shu tariqa, Madrimov 11-jangiga kelib ilk mag'lubiyatga uchradi, Terens esa 41-jangida ham g'alaba qozondi va 4ta vazn toifasida jahon chempioniga aylandi.