Isroil Homs, Latakiya va Palmira chekkalariga zarbalar uyushtirgani Suriya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qoralandi va bu harakatlarni mamlakat suverenitetini “qo'pol ravishda buzish” sifatida baholadi. Bu haqda 9-sentabr, seshanba kuni Suriya davlat axborot agentligiga tayanib, Reuters xabar berdi.
Xabar qilinishicha, kechqurun Isroil aviatsiyasi Suriyaning markaziy qismiga, xususan, Homs shahri chekkasi, asosiy port shahar Latakiya va tarixiy Palmiraga hujum qilgan.
Al-Ixbariya telekanalining aniqlik kiritishicha, hujumlar nishonlaridan biri Homsning Avras tumani yaqinidagi Havo hujumidan mudofaa kolleji bo'lgan.
Isroil bu harakatlarga izoh bermadi.
Suriya Tashqi ishlar vazirligi Isroilning bunday harakatlari mintaqaviy barqarorlikka tahdid solayotganini, yana bir bor xalqaro me'yorlar buzilganini ta'kidladi.
Iyul oyida Isroil Damashqqa, xususan, Suriya qurolli kuchlari idorasiga havo hujumi uyushtirgan edi. Bu voqea joylarda vaziyatning murakkablashishiga olib keldi va mamlakat janubidagi Suvayda shahrida Suriya hukumat kuchlari va druz jangarilari o'rtasidagi mojaroning kuchayishiga sabab bo'ldi.
Avvalroq Isroil Suriyadagi druzlar qishlog'ini himoya qilishga tayyorligini bildirgan edi. Xususan, Isroil armiyasi (SAXAL) jangovar shaylikni oshirish bo'yicha buyruq olgandi, deb xabar berdi korrespondent.net.









