Isroilda bola muzeydagi qadimiy ko'zani tasodifan sindirib qo'ydi

    Isroildagi muzeyga sayohat chog'ida to'rt yoshli bola tasodifan 3500 yillik ko'zani sindirib qo'ydi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

    Hayfadagi Xext muzeyining ta'kidlashicha, ko'za miloddan avvalgi 2200-1500-yillar oralig'idagi bronza davriga oid bo'lib, u nodir qadimiy buyumlardan sanaladi.

    U muzeyning kirish qismida oynasiz namoyish etilgan. Chunki muzey arxeologik topilmalarni ana shunday namoyish etishda “o'ziga xos joziba” bor deb hisoblaydi.

    Bolaning otasi Aleksning so'zlariga ko'ra, o'g'li ko'zani o'ziga biroz tortgan, chunki u ko'zaning ichida nima borligini ko'rmoqchi bo'lgan. Buning oqibatda ko'za tushib ketgan va singan. erkak o'g'lini bir uyum ko'za parchalar yonida ko'rib, o'zini yo'qotib qo'ygan va dastlab bu ishni uning bolasi qilmagan, deb o'ylagan. Qo'rqib ketgan o'g'lini tinchlantirgandan so'ng, qorovul bilan gaplashgan.

    Arxeologik va badiiy buyumlarni to'playdigan Xext muzeyining aytishicha, voqeadan bir necha kun o'tib bola oilasi bilan ko'rgazmaga taklif qilindi.

    Muassasa allaqachon singan ko'zani tiklaydigan mutaxassis topgan, deb xabar beradi korrespondent.net.